Samsung smartfonlari o‘rtacha 20 foizga qimmatlashdi, lekin bu hali holvasi!

  •   DiMaX
  •  1286
  •  15.06.2020 08:57

Samsung smartfonlari o‘rtacha 20 foizga qimmatlashdi, lekin bu hali holvasi!

Joriy yilda smartfonlar bozorida ko‘zga ko‘ringan asosiy o‘zgarishlardan biri – flagman modellarning narxlari ancha oshganidir. Eng arzonchilardan hisoblangan Xiaomi hamda OnePlus ham o‘zlarining ilg‘or modellari uchun avvalgidek 600 emas, balki endi 1000 dollar so‘rashyapti.

O‘QING: OnePlus Xiaomi'ni ortda qoldirdi!

Lekin flagmanning eng yirik qimmatlashuvi Samsung hissasiga to‘g‘ri keladi: Galaxy S20 Ultra uchun AQShda 1400 dollarlik narx belgilangan. KoreaHerald nashrining yozishicha, bu holat kompaniya smartfonlarining o‘rtacha narxi sezilarli darajada oshishiga sababchi bo‘lgan. Aniqrog‘i – joriy yilning birinchi choragida Samsung smartfonlarining o‘rtacha narxi so‘nggi olti yil ichidagi eng katta ko‘rsatkichga yetgan.

Raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, 2020 yilning ilk choragida janubiy koreyalik gigant smartfonlarining o‘rtacha narxi 292 dollarni tashkil etgan. Bu esa bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 8,5 foizga yuqori bo‘lsa, oldingi kvartaldagidan naq 20,7 foizga balanddir. Yil yakuniga borib Samsung smartfonlarining o‘rtacha narxi qanaqa bo‘lishi hozircha noma’lum, ammo 2019 yilning yakunida bu ko‘rsatkich 247 dollarga teng bo‘lgan.

Ushbu vaziyat nafaqat yangi flagmanlarning qimmatlashgani, balki Samsung assortimentida juda qimmat buklamafonlar paydo bo‘lgani bilan ham bog‘liq. Hali avgustda bunday modellar soni yana oshadi, Galaxy Note 20 turkumining narxi haqida-ku gapirmasak ham bo‘ladi.

O‘QING: 1000 dollarlik Galaxy S20+’ni mag‘lub etgan, o‘zi atigi 200 dollarlik smartfonni bilasizmi? («Jonli» test videosi)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.