«Sayyoramizdagi eng qudratli smartfon» AnTuTu’da salkam 621 000 ball oldi!

  •   DiMaX
  •  3691
  •  26.02.2020 12:00

«Sayyoramizdagi eng qudratli smartfon» AnTuTu’da salkam 621 000 ball oldi!

Snapdragon 865 protsessori chiqqanidan beri smartfonsozlar o‘z flagmanlarining AnTuTu benchmarkidagi natijalarini e’lon qila boshlashdi. Xiaomi kompaniyasi «yangi avlod samaradorlik qiroli» deya maqtagan Mi 10 Pro unda rekord – 585 232 ballik natija ko‘rsatgan, lekin...

O‘QING: «O‘yin boshlandi» – AnTuTu’ning yangi qiroli Xiaomi Mi 10’ni tor-mor etmoqchi!

Kuni kecha taqdim etilgan yana bir flagman – Realme X50 Pro 5G allaqachon AnTuTu’da 603 871 ball bilan rekord o‘rnatganini Realme e’lon qilib ulgurgan. Biroq Xiaomi ham bo‘sh kelmayapti: uning Black Shark 3 geymerofoni yetakchilikni yurtdoshidan tortib oldi.

Black Shark brendi bosh direktori e’lon qilgan quyidagi skrinshotga ko‘ra, Black Shark 3 geymerofoni «sayyoramizdagi eng qudratli smartfon» bo‘lib, AnTuTu benchmarkida naq 620 952 ball olgan!

Shunisi ham borki, yuqoridagi rekordlarning aksariyati «qog‘ozda qolib ketishi», ya’ni – maqtalayotgan smartfonlar amalda bundan kamroq natijalar ko‘rsatishi mumkin. Zero, avval ham shunga o‘xshash holatlar ko‘p bo‘lgan; qolaversa, Snapdragon 865 chipli, allaqachon taqdim etilgan flagmanlarning benchmark ko‘rsatkichlari bulardan ancha past.

Eslatib o‘tamiz, Black Shark 3 dunyoda birinchi o‘yinbop 5G-smartfoni bo‘lib, uning taqdimot sanasi e’lon qilingan. Bu gadjet yana bir jihatiga ko‘ra shu paytgacha bozorga taqdim etilayotgan smartfonlar orasida rekordchi bo‘lishi ham aytilgan, lekin Xiaomi’ning raqibi bu borada barcha smartfonsozlarni «changida qoldirib» ketgan.

O‘QING: Kutilmagan rekord: 64 GB «operativka»li ilk smartfonni ishlayotgan holida «jonli» ko‘ramiz!