Telegram’da koronavirus haqida yolg‘on tarqatgan deputatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

  •   DiMaX
  •  591
  •  01.04.2020 11:34

Telegram’da koronavirus haqida yolg‘on tarqatgan deputatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

O‘zbekistonda jamoatchilikni koronavirus to‘g‘risida aniq ma’lumotlar uchun rasmiy veb-sayt tashkil qilingan. Shuningdek, Telegram rasman tasdiqlagan «Koronavirus info» kanali ham mavjud. Shunga qaramasdan, ayrimlar bu kasallik haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatishmoqda.

O‘QING: Tarmoqlarning o‘zbek segmentida tarqalgan koronavirus haqidagi 7 yolg‘on

Esingizda bo‘lsa, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus haqida yolg‘on ma’lumot tarqatgani uchun surxondaryolik yurtdoshimiz jarimaga tortilgan, qashqadaryolik foydalanuvchiga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangan edi. Shunga o‘xshash navbatdagi holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov o‘z Telegram-kanali orqali xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, 2020 yil 28 mart kuni Qo‘qon shahar, A.T.Xuqandiy mavzesida yashovchi X.N. (1979 y.t., xususiy korxona rahbari, Xalq deputatlari Qo‘qon shahar kengashi deputati) Respublika Maxsus komissiyasining karantin qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan. Ya’ni, u Telegram messenjerida ochilgan guruhlar a’zolariga Qo‘qon shahrida 2 nafar shaxsda koronavirus kasalligi aniqlanganligi va ular karantinga olinganligi haqida jonli tarzda audio yozuvi orqali haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan uydirma va yolg‘on ma’lumotlarni tarqatgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan 2020 yil 31 mart kuni Kengashdan rozilik olingan holda, X.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-5-moddasi (Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘QING: Mobil ilovali tezkor koronavirus testi yaratildi