«Vaqti keldi»: Qualcomm smart-soatlar protsessorining ikkinchi avlodini taqdim etyapti!

  •   DiMaX
  •  1322
  •  08.08.2018 12:28

«Vaqti keldi»: Qualcomm smart-soatlar protsessorining ikkinchi avlodini taqdim etyapti!

Wear OS (avvalgi Android Wear) bilan ishlovchi ko‘plab qurilmalarning ko‘pchiligiga o‘rnatilatgan Qualcomm 2100 chipi 2016 yili namoyish etilgan. Taqiluvchi gadjetlarning ommabopligiga qaramasdan, hanuz mazkur protsessorning ikkinchi avlodi chiqarilmay kelayotgandi.

O‘QING: Louis Vuitton salkam 3000 dollarlik Android-soat chiqardi (+video)

Endi esa yangilanish vaqti keldi – yetakchi chipsozlardan bo‘lmish Qualcomm kompaniyasi 10 sentyabrga belgilangan taqdimot marosimi uchun jurnalistlarga taklifnoma tarqatmoqda.

Taklifnomada faqatgina doirasimon shaklli «aqlli» soat tasviri hamda «It's Time» («Vaqti keldi») yozuvi mavjud. Shunga qaramasdan, bu tadbirda aynan nima namoyish etilajagi ma’lum.

O‘QING: Samsung bexosdan Galaxy Watch’ning surat va jihatlarini e’lon qilib yubordi

Ilk Wear OS tizimida platforma smartfonlardan olingan va soatga sozlangan bo‘lsa, yangi protsessor aynan taqiluvchi devayslar uchun «noldan boshlab» tayyorlangan. Bu esa qurilmaning quvvatini tejashga va boshqa jihatlarini yaxshilashga xizmat qilishi kerak.

Bundan tashqari, apparat platformasining o‘lchami ixchamlashtirilgan, bu esa ishlab chiqaruvchilarga yana bir qulaylik – smart-soatlarni yanada kichkinaroq qilib chiqarish imkonini baxsh etadi.

Xo‘sh, Qualcomm’ning yangi protsessori aynan qaysi gadjetga birinchi bo‘lib o‘rnatiladi va uni qachon ko‘ramiz? Bilamizki, Samsung’ning yangi avlod – Galaxy Watch smart-soati ertaga – 9 avgustdayoq Galaxy Note 9 bilan birga taqdim etiladi. Shunday ekan, 10 sentyabrda namoyish etiladigan chipning ilk bor Google’ning Pixel Watch devaysida qo‘llanishini kutish mumkin.

O‘QING: Pixel Watch: nihoyat, Google ham o‘zining ilk smart-soatini chiqaryapti!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.