Videotest: 4 GB «operativka»li iPhone 11 Pro Max tezkormi yoki 12 GBlik Galaxy Note 20 Ultra?

  •   DiMaX
  •  2835
  •  10.09.2020 10:14

Videotest: 4 GB «operativka»li iPhone 11 Pro Max tezkormi yoki 12 GBlik Galaxy Note 20 Ultra?

Kupertinolik korporatsiyaning iPhone 11 Pro Max smartfoni chiqqaniga bir yil bo‘lyapti, Galaxy Note 20 Ultra esa bir oygina avval taqdim etilgan. Shunga qaramasdan, bu ikki qurilma hozirda har ikkala ishlab chiqaruvchining yetakchi flagmanlari bo‘lib turibdi.

O‘QING: Galaxy Note 20 Ultra kamerasi iPhone 11 Pro Max va boshqa Samsung flagmanlariga qarshi

Biz avvalroq naq 16 gigabaytlik tezkor xotiraga ega bo‘lgan Galaxy S20 Ultra modelining tezkorligi iPhone 11 Pro Max bilan solishtirib ko‘rsatilgan videoni ulashgan edik. Endi esa yana o‘sha PhoneBuff kanali Samsung kompaniyasining eng zo‘r fabletini ham tezkorlik borasida Apple’ning shu smartfoni bilan taqqoslab ko‘rsatdi.

Sinov jarayoni ikki bosqichdan iborat bo‘lib, birinchisida har bir smartfonda bir xil ketma-ketlikda, umumiy hisobda 16 ta ilovani ishga tushirib ko‘rishgan. Mazkur testda iPhone 11 Pro Max qo‘li baland kelgan: barcha ilovalarni ochishga u 1 daqiqayu 52,91 soniya sarflagan. Samsung flagmaniga esa ayni shu jarayonga 2 soniya ko‘proq vaqt kerak bo‘lgan:

Imtihonning ikkinchi qismida esa ayni o‘sha 16 ta dasturni fon rejimidan yuklab ko‘rishgan. Bu ishni Galaxy Note 20 Ultra planshetofoni 46 soniyada uddalagan bo‘lsa, Apple flagmani fonda ishlayotgan ilovalarni yuklashga undan 14 soniya ko‘proq – 1 daqiqa vaqt sarflagan.

Ko‘rinib turibdiki, bu yerda Samsung flagmanining tezkor xotirasidagi ortiqcha 8 gigabayt ish bergan. Ya’ni, Galaxy Note 20 Ultra modelining «operativka»si hajmi 12 gigabaytlik bo‘lsa, iPhone 11 Pro Max modelida bu ko‘rsatkich atigi 4 gigabaytni tashkil etadi.

Testning umumiy hisobi 1–1 bo‘lsa-da, baribir Apple’ga qoyil qolish kerak: uning flagmani tezkor xotirasidagi naq 8 gigabaytlik farqqa qaramasdan, raqibi bilan teng kurasha olgan.

O‘QING: 394 dollarlik Redmi K30 Pro ming dollarlik iPhone 11 Pro Max’ni jangga chorladi! («jonli» video)