Xiaomi ikkinchi avlod Black Shark o‘yinbop smartfonini taqdim etdi – xususiyat va narxlarini ko‘rib chiqamiz!

  •   DiMaX
  •  1447
  •  19.03.2019 17:21

Xiaomi ikkinchi avlod Black Shark o‘yinbop smartfonini taqdim etdi – xususiyat va narxlarini ko‘rib chiqamiz!

«Xitoycha Apple» o‘tgan yilning aprelida Black Shark nomli ilk o‘yinbop smartfonini, oktyabrga kelib esa Black Shark Helo modelini ham namoyish qilgandi. Xiaomi uning uchinchi avlodini tayyorlayotgani haqida ham xabarlar berganmiz.

O‘QING: «Jonli» video: Xiaomi ko‘rsatmayotgan Black Shark 3 smartfonida PUBG o‘yini!

Nihoyat, kecha – 18 mart kuni Xiaomi kompaniyasi ushbu geymerofonini rasman namoyish qildi. Faqat ularning nomlanishi masalasi sal chalkashroq bo‘lib qoldi: Xiaomi ilk o‘yinbop smartfoni – Black Shark modeli 2018 yilning aprelida namoyish etilgan. Kompaniya uning ikkinchi avlodini – Black Shark Helo modelini oktyabrda taqdim etgan bo‘lib, Xitoydan tashqarida u Black Shark 2 nomi bilan bozorga chiqarilishi belgilangan. Lekin negadir u o‘zining uchinchi geymerofonini Black Shark 2 deb atadi. Demak, shu paytgacha xabarlarda Black Shark 2 sifatida aytilganlarning barchasi Black Shark Helo modeliga, Black Shark 3 (yoki kodli nomi bilan – Black Shark Skywalker) deb yozilganlari esa kecha taqdim qilingan Black Shark 2 modeliga tegishli bo‘lib qoldi.

Xullasi kalom, Black Shark 2 geymerofonining texnik xususiyatlariga kelsak... Samsung mahsuloti bo‘lgan 6,39 dyuymlik displeyining tasvir aniqligi Full HD+ formatida (2340x1080 piksellik) bo‘lib, 240 Gs.lik kadr chastotasiga ega. Displeyning teginishlarni sezish – reaksiya bildirish vaqti 43,5 millisoniyaga teng. Taqdimot marosimida buni taqqoslash uchun keltirishgan: iPhone XS flagmanida bu ko‘rsatkich 45 ms.ni, Samsung Galaxy S10 modelida esa – 60 ms.ni tashkil etadi!

Black Shark 2 displeyida Magic Press texnologiyasi qo‘llangan – u yettita darajada bosish kuchini farqlay oladi. Shuningdek, o‘yin davomida displeyni ikkita qismga bo‘lib qo‘yish mumkin va ulardan har biri o‘zigagina xos bo‘lgan sozlamalar bo‘yicha, teginishlarga turlicha reaksiya ko‘rsata oladi.

O‘yinlarga moslanganligi uchun, Black Shark 2 modelining ikkita yon qirrasiga qo‘shimcha LTE va Wi-Fi antennalari qo‘shishgan. Ya’ni, ikki qo‘lda ushlab o‘ynayotganda ham smartfonning aloqa modullari to‘silib qolmaydi.

Black Shark 2 Qo‘shaloq bosh kamerasi orqa panelning yuqori chap burchagiga tikka joylashgan 48 va 12 megapiksellik modullarni hamda fotochaqnoqni o‘z ichiga oladi. O‘yinbop smartfonning old kamerasi ham yoshlarga yoqadi – 20 megapiksellik aniqlikda selfi olish mumkin.

«Ikkinchi Qora Akula», tabiiyki, zamonamizning eng kuchli Android-protsessori – Qualcomm Snapdragon 855 bazasida ishlaydi. Tezkorlikni ta’minlashda unga 6, 8 va 12 gigabaytlik tezkor xotira yelkadosh bo‘ladi. Geymerofon doimiy xotirasi esa 128 va 256 gigabaytlik talqinlarda taqdim etilgan.

Ushbu qurilma ikkita SIM-kartani qo‘llab-quvvatlaydi, 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11ac), Bluetooth 5, GPS+GLONASS interfeyslariga hamda zamonaviy USB Type-C portiga ega. 4000 mA/soatlik akkumulyatori esa 27 vattlik texnologiyaga ko‘ra tezkor quvvatlana oladi.

O‘QING: Xiaomi smartfonlari endi qimmatlaydi – buni shaxsan kompaniya bosh direktori aytdi!

Ilk «Qora Akula» va Black Shark Helo modelidan farqli ravishda, Xiaomi ushbu modelida barmoq izi skanerini displeyning o‘ziga integratsiya qilgan. Sovitish tizimi esa yanada takomillashtirilgan: u naychadan tashqari suyuylikli sovituvchi plastinani o‘z ichiga oladi. Oldingi modeldagi sovitish tizimi smartfon haroratini 12 darajagacha pasaytiradigan bo‘lsa, Black Shark 2 modelida bu ko‘rsatkich 14 darajaga yetkazilgan.

Android operatsion tizimining yangi – 9.0 Pie talqini bazasida ishlaydigan Black Shark 2 geymerofonining korpusi 163,61x75,01x8,77 millimetrlik o‘lchamda bo‘lib, 205 gramm tosh bosadi.

Black Shark 2 qora, kumushrang va moviy tusli korpuslarda ishlab chiqariladi, orqa tomonida yorug‘lik-diodli logotip tushirilgan. Narxlari esa tezkor/doimiy xotirasiga ko‘ra quyidagicha:

6/128 GBlik versiyasi – 475 dollar,

8/128 GBlik versiyasi – 520 dollar,

8/256 GBlik versiyasi – 565 dollar,

12/256 GBlik versiyasi – 625 dollar.

Xiaomi allaqachon Black Shark 2 uchun oldindan buyurtma ola boshlagan, ochiq savdoga esa uni 22 martdan chiqarishadi. Xiaomi’ning ilk geymerofoni – 6/64 gigabaytlik xotiraga ega, qora korpusli Black Shark smartfonini esa Terashop.uz internet-do‘konimizdan 3 849 000 so‘m evaziga sotib olish mumkin.

O‘QING: «Yong‘oqchaqar» Redmi Note 7 va eng arzon Redmi Go ham Terashop.uz’ga keldi! Xiaomi smartfonlarining narxlari (2019 yil 12 mart)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.