Xiaomi Mi 10T Lite ham chiqdi: 249 yevrodan boshlanuvchi 5G-smartfon!

  •   DiMaX
  •  2609
  •  02.10.2020 17:53

Xiaomi Mi 10T Lite ham chiqdi: 249 yevrodan boshlanuvchi 5G-smartfon!

«Xitoycha Apple» kuni kecha o‘zining Xiaomi Mi 10T hamda Mi 10T Pro flagmanlarini taqdim etgani haqida yozgandik. Bulardan tashqari, kompaniya ularning soddalashtirilgan versiyasi – Xiaomi Mi 10T Lite modelini ham keng jamoatchilikka ko‘rsatgan.

O‘QING: Redmi eng arzon smartfonini ham eng kuchli modifikatsiyada chiqardi

Garchi nomidagi «yengil»ligi bilangina farqlansa-da, Xiaomi Mi 10T Lite o‘z dizayniga ko‘ra yangi flagmanlarga emas, balki yaqindagina chiqqan va eng ommabop smartfonlar reytinglaridan joy olib kelayotgan Poco X3 modeliga o‘xshaydi. Tabiiyki, uning texnik xususiyatlari ham, narxi ham shunga yarasha.

Xiaomi Mi 10T Lite diagonaliga 6.67 dyuymlik, IPS-matritsali displeyga ega. Ekranda kadr yangilanish chastotasi 120 gerslik, tasvir uzatish aniqligi esa FHD+ formatida. Uning old kamera tirqishi ham displeyning burchagida emas, balki yuqori qismining o‘rtasida joylashgan va 16 megapiksellik datchikka ega.

O‘QING: Xiaomi Mi 10 Ultra'ning to‘liq texnik jihatlari bilan tanishing

Arzonlashtirilgan flagmanning bosh kamerasi ham soddaroq – 64 + 8 + 2 + 2 megapiksellik sensorlarni o‘zida jamlagan. Smartfonning 4820 mA/soatlik akkumulyatori 33 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi bilan ta’minlangan. Mi 10T Lite barmoq izi skaneri korpusning yon qirrasiga joylangan. Xiaomi bu modelini ham infraqizil datchigi hamda NFC moduli, shuningdek, Hi-Res Audio sertifikatsiyali stereodinamiklar bilan ta’minlagan.

Xiaomi Mi 10T Lite modeli Qualcomm yaqindagina namoyish etgan Snapdragon 750G protsessorli bozordagi birinchi smartfon bo‘lyapti. Mazkur chipset Snapdragon 730G/732G modellarining davomchisi bo‘lib, 8 nanometrlik tex-jarayon asosida tayyorlangan. Protsessor jamlanmasiga yuqori (2.2 GGs chastotali) samaradorlikka ega bo‘lgan ikkita Cortex-A77 yadrosi, quvvat tejovchi (1.8 GGs chastotali) oltita Cortex-A55 yadrosi hamda Snapdragon X52 rusumli 5G-modemni o‘z ichiga olgan.

Xiaomi Mi 10T Lite xotira hajmiga ko‘ra ikki xil variantda taklif etiladi: 6/64 hamda 6/128 gigabaytlik. Har ikkalasida «operativka» uchun LPDDR4x, doimiy xotira uchun esa UFS 2.1 standartidagi chiplar tanlangan.

Bu smartfon ham qadoqdanoq Android 10 bazasida tayyorlangan MIUI 12 grafik qobig‘i asosidagi proshivka bilan ta’minlangan. Xiaomi uni oktyabr oyidanoq Yevropada sota boshlaydi, narxi esa xotira hajmiga ko‘ra 279 yevro (savdosi boshidagi Flash-chegirma bo‘yicha – dastlab 249 yevro) hamda 329 yevroni tashkil etadi.

O‘QING: Smartfon bozorida lider o‘zgardi, Xiaomi esa Apple’ga deyarli yetib oldi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.