Xiaomi xatosidan millionlab smartfon xaridorlari jabr ko‘rmoqda

  •   DiMaX
  •  5375
  •  13.01.2018 15:44

Xiaomi xatosidan millionlab smartfon xaridorlari jabr ko‘rmoqda

Xitoyning smartfonsozlik sohasida ham yaxshi nom qozonib kelayotgan Xiaomi kompaniyasi kutilmaganda «qovun tushirib» qo‘ydi. Ishlab chiqaruvchining xatosi tufayli, mazkur kompaniyaning hamyonbop toifaga mansub smartfonini xarid qilib, uni yangilagan foydalanuvchilar qiyin ahvolga tushib qolishdi. Gap 2017 yilning sentyabrida taqdim etilgan Xiaomi Mi A1 qurilmasi haqida ketmoqda.

O‘QING: Xiaomi va Google Mi A1'ni taqdim qildi: kamera iPhone 7 Plus'niki kabi

Xabaringiz bor – Xiaomi mazkur smartfoniga o‘zining ishlanmasi bo‘lmish MIUI proshivkasini emas, balki Google bilan hamkorlik qilgan holda «sof» Android operatsion tizimini o‘rnatgan holda chiqarmoqda. Ushbu modelga zavoddayoq Android 7.1.2 Nougat operatsion tizim talqini o‘rnatilgan holda chiqarilgan bo‘lib, kompaniya o‘shanda uni to 2017 yilning so‘ngiga qadar Android 8.0 Oreo talqinigacha yangilashga va’da bergandi. «Xitoylik Apple» o‘z so‘zining ustidan chiqdi – dekabrning oxirida mazkur smartfonlar uchun yangilanish taqdim etildi.

Lekin hammasi shundan keyin boshlandi: aniqlanishicha, Xiaomi Mi A1 smartfonlarida Android operatsion tizimining 8.0 Oreo talqini judayam yomon ishlamoqda. Mazkur qurilmadan xarid qilgan o‘n minglab kishilar uning samaradorligi pasayib ketganidan shikoyat qilishmoqda. Ko‘p resurs talab etuvchi 3D-o‘yinlar naryoqda tursin, hatto oddiygina grafik qobiq interfeysining o‘zi ham sekinlashib qolgan.

To‘g‘ri, bunaqa muammo bilan noliyotganlar unchalik ko‘p emasdir, ammo yana bitta «ishkal» ham bor: Bluetooth moduli faollashtirilgan holatda tursa, smartfon akkumulyatorining quvvati juda tez tugab qolyapti ekan. Bundan shikoyat qiluvchilar esa nihoyatda ko‘p – xaridorlarning naq yarmi! Agar yilning boshida eng ommalashgan smartfonlar ro‘yxatining boshida aynan Xiaomi Mi A1 turganini hisobga olsak, dunyo bo‘yicha qanchalar ko‘p foydalanuvchi jabr ko‘rganini tasavvur qilish mumkin.

O‘QING: 2018 yil boshida eng ommalashgan 10 smartfon

Xiaomi korporatsiyasi bu muammolarning va yana ayrim mayda nuqsonlarning mavjudligini rasman tan oldi. Shu bois u mazkur rusumdagi qurimalari uchun Android 8.0 Oreo operatsion tizimini «havo orqali» yuborishni to‘xtatib ham qo‘ydi.

Mi India vakolatxonasining ta’kidlashicha, yangilangan Android 8.0 Oreo talqini yaqin haftalar ichida taqdim etiladi. Unda yuqorida ta’kidlangan va boshqa kamchiliklar bartaraf etiladi. Agarda siz ham Xiaomi Mi A1 xarid qilgan va uni Android 8.0 Oreo talqinigacha yangilagan, natijada shu muammolarga duch kelgan bo‘lsangiz, yangilanishlarni bekor qilish uchun quyidagi maqolada ko‘rsatilgan tavsiyalardan foydalanishingiz mumkin.

O‘QING: Android’ni oldingi versiyasiga qaytaramiz