Galaxy S20 Ultra tannarxi hisoblandi – Samsung uni necha baravar qimmatga sotyapti?

  •   DiMaX
  •  4133
  •  06.03.2020 09:48

Galaxy S20 Ultra tannarxi hisoblandi – Samsung uni necha baravar qimmatga sotyapti?

Samsung kompaniyasining eng qimmat smartfoni (buklamafonlarini hisobga olmaganda, albatta) hozirda Galaxy S20 Ultra bo‘lib turibdi. Xo‘sh, aslida uni ishlab chiqarish kompaniyaning o‘ziga qanchaga tushishini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

O‘QING: Galaxy S10+ tannarxi aniqlandi: Samsung uni ikki baravardan oshiqqa sotyapti!

TechInsights mutaxassislari Galaxy S20 Ultra ichini ochib, uning barcha komponentlarining narxlarini hisoblab, bu smartfonning tannarxini aniqlashdi. Ularning xulosasiga ko‘ra, mazkur flagmandan bittasi, yig‘ish xarajatlarini ham qo‘shib hisoblaganda, Samsung uchun atigi 528,5 dollarga tushadi. Bu narx smartfonning Snapdragon 865, 12/256 GBlik xotiraga ega konfiguratsiyali variantiga tegishli. AQShda esa uning 128 gigabaytligi uchun 1400 dollar narx belgilangan; ya’ni janubiy koreyaliklar bu flagmanini uch baravar qimmatga sotishyapti!

Taqqoslash uchun keltirib o‘tsak, yaqinda mutaxassislar Xiaomi Mi 10 flagmanini ham shunaqa tekshirib ko‘rishgan edi. Barcha komponentlari va yig‘ish xarajatlarini qo‘shganda, uning tannarxi 440 dollar ekan. Janubiy koreyalik texnogigantdan farqli ravishda, Xiaomi insof bilan ish tutgan – bozorga bu modelini 675 dollardan chiqargan.

O‘QING: Galaxy F buklama smartfoni tannarxini Galaxy S9+ hamda iPhone XS Max’niki bilan solishtiramiz!

TechInsights saytining tegishli sahifasida Samsung Galaxy S20 Ultra komponentlaridan har birining tannarxi haqidagi va boshqa ma’lumotlar batafsil (ingliz tilida) berilgan. Masalan, uning eng qimmat qismi – kameralar jamlanmasi ekan: naq 107,5 dollar; bu narxga esa bundayroq bitta smartfon olsa bo‘ladi! Shuningdek, Snapdragon 865 protsessori (81 dollar) va displey (67 dollar) ham qimmat komponentlardan hisoblanadi. Qolgan qismlarining aksariyati 30 dollardan qimmat turmaydi.

Shu o‘rinda Samsung’ning oldingi flagmanlari tannarxiga ham nazar solib o‘tsak, qiziq bir jihatga duch kelamiz: Galaxy S9+ kompaniyaga 380 dollarga tushgan bo‘lsa, Galaxy S8+ tannarxi 343 dollar edi. Galaxy S10+ modeliga kelib esa bu ko‘rsatkich 420 dollarni tashkil etgan. Ya’ni, yil sayin Samsung flagmanlari nafaqat qimmatlashib boryapti, balki ularning tannarxlari ham oshib bormoqda. Lekin baribir, Galaxy S20 Ultra o‘z tannarxidan uch baravar qimmatga sotilishi unchalik ham insofdan emas-da...

O‘QING: iPhone XS Max tannarxini hisoblashdi – Apple insofiniyam «qo‘shib yeb yuborgan» ekan!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!