«Kasperskiy laboratoriyasi» yangi kiberhujumlar xavfidan ogohlantirdi

  •   DiMaX
  •  952
  •  10.07.2017 11:40

«Kasperskiy laboratoriyasi» yangi kiberhujumlar xavfidan ogohlantirdi

Kompaniyalar yangi kiberhujumlarga hamda «raqamli» tovlamachilik holatlariga tayyor turishlari lozim. «Kasperskiy laboratoriyasi»ning kritik infratuzilma xavfsizligi biznesini rivojlantirish bo‘yicha direktori Andrey Suvorov ma’lum qildi, deb yozadi Riafan.ru.

«Bu kabi holatlar hali endigina boshlanayotganini nazarda tutsak, oldingi tovlamachi-viruslar hujumi o‘ziga xos sinov ekanini tushunamiz», – deya ma’lum qildi mutaxassis.

Suvorovning ta’kidlashicha, kiberjinoyatchilar endi bank hisoblari va kredit kartalaridan avvalgidek tez-tez ma’lumot o‘g‘irlamay qo‘yishgan. Zero, ularga IT-texnologiyalar bilan bog‘liq korxonalarning faoliyatini kiberhujumlar orqali to‘xtatib qo‘yib, ularni blokdan yechish evaziga haq talab qilish osonroq. Mutaxassis shu o‘rinda, Yevgeniy Kasperskiy tarmoqda tovlamachiliklarni amalga oshirish holatlari ko‘payishi mumkinligidan ogohlantirganini ham eslatib o‘tdi.

Xabaringiz borki, 2017 yili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida xususiy korxonalar va davlat tashkilotlarining kompyuter tarmoqlari WannaCry va Petya tovlamachi-viruslari hujumlariga uchradi. Insoniyatga rekord miqdorda zarar keltirgan WannaCry virusi kompyuterni bloklab qo‘yib, blokni yechish uchun foydalanuvchidan to‘lov talab qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jahon bo‘ylab bir necha o‘n ming kompyuter zararlangan, ular orasida O‘zbekiston hududidagi qurilmalar ham bor. Keyinchalik mazkur virusdan xakerlar qancha ishlagani ma’lum bo‘ldi, Microsoft kompaniyasi esa uning aybdorini va himoyalanish chorasini aytdi, keyinroq esa kiberhujumlar xavfi tufayli Windows XP va boshqa eski tizimlarini yangiladi hamda ularning himoyasidagi «tuynuk»larini yopdi. «Kasperskiy laboratoriyasi» bo‘lsa, WannaCry virusini Shimoliy Koreya yaratgan, deya gumon qilyapti. Janubiy Koreyani esa mazkur virusdan Samsung himoya qilmoqchi.

27 iyun kuni boshlangan Petya.A virusi hujumi ham katta talafotlar olib kelgan, Ukraina bunda Rossiya maxsus xizmatlarining qo‘li bor, deya gumon qilmoqda. Symantec kompaniyasi esa mazkur virusdan himoyalanishning oddiy va samarali yo‘lini topganini ma’lum qildi.