Meizu o‘zining ilk 5G-flagmanini namoyish etdi

  •   DiMaX
  •  1138
  •  08.05.2020 16:29

Meizu o‘zining ilk 5G-flagmanini namoyish etdi

Xitoylik kompaniya bugun – 8 may kuni o‘tkazgan onlayn konferensiyada Meizu 17 smartfonini rasman taqdim qildi. Yaqinda o‘tkazilgan testda Xiaomi Mi 10, Huawei P40 Pro hamda Oppo Find X2 Pro flagmanlarini ortda qoldirgan edi.

O‘QING: Meizu yoki Xiaomi: kimning smartfoni yaxshiroq?

Meizu 17 tashqi ko‘rinishi boshqa kompaniyalarning flagmanlaridan jiddiy farq qiladi. Smartfonning romsiz ekranida Samsung Super AMOLED matritsasi qo‘llangan va u korpus old yuzasining 92,2% maydonini egallagan.

Ekranning o‘lchami diagonaliga 6,6 millimetrga teng, tasvir aniqligi esa Full HD+ formatida, ya’ni 2340x1080 piksellik. Displey 90 gerslik kadr yangilanishini, shuningdek, kengaytirilgan dinamik diapazonni qo‘llab-quvvatlaydi. Super mTouch barmoq izi skaneri ekranning o‘ziga o‘rnatilgan bo‘lib, uning yordamida qurilmani blokdan chiqarishga atigi 0,15 soniya kifoya.

Aksariyat smartfonlardan farqli ravishda, Meizu 17 old kamerasi uchun tirqish ekranning chap emas, balki o‘ng burchagida ochilgan. Diametri atigi 2,99 millimetrlik tuynukka 20 megapiksellik selfi moduli o‘rnatilgan. Old kamerani ishga tushirganda tirqish atrofidagi halqa lipillaydi; u yana smartfonning quvvatlash darajasini ham aks ettiradi.

O‘QING: Android-smartfonning old kamerasiga virtual fotochaqnoq qo‘shamiz

Meizu 17 bosh kamerasi esa gorizontal blokka biriktirilgan to‘rtta modulni o‘z ichiga oladi. Bular – 64 megapiksellik Sony IMX686 sensori, 12 megapiksellik telefoto datchigi, 5 megapiksellik makrokamera hamda 8 megapiksellik keng burchakli (ko‘rish burchagi 118 darajali) modullardir.

Flagmanning apparat ta’minotiga kelsak, Meizu unda Snapdragon 865 5G protsessorini hamda 8 gigabaytlik tezkor xotira qo‘llagan. Smartfon UFS 3.1 toifali doimiy xotirasi hajmiga ko‘ra ikki xil – 128 va 256 gigabaytlik variantlarda taklif etiladi.

Meizu 17 ushbu kompaniyaning o‘zi ishlab chiqqan mSmart 5G texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Meizu mazkur flagmanida antennalar tizimining yangicha jamlanmasini loyihalashtirgan; ular tezkor va barqaror, shuningdek tejamkor 5G aloqasini ta’minlab beradi.

O‘QING: AnTuTu eng qudratli flagmanlar TOP-o‘ntaligini e’lon qildi (2020 yil aprel)

Aksariyat flagmanlarga xos bo‘lmagan yana bir xususiyat – Meizu 17 modelida sig‘imdor akkumulyator qo‘llangan. 4500 mA/soatlik batareya Super mCharge tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega; uning yordamida 30 vattlik asosda smartfonni 56 foizgacha zaryadlash mumkin. NFC modulli Meizu 17 yaqin orada Flyme 8.1 grafik qobig‘igacha yangilanishi aytilgan.

Meizu ushbu smartfonini 11 may kuni sotuvga chiqaradi; uning flesh-xotirasi 128 gigabaytligi 523 dollar, 256 gigabaytligi esa 565 dollar turadi.

O‘QING: Kutilmagan rekord: 64 GB «operativka»li ilk smartfonni ishlayotgan holida «jonli» ko‘ramiz!