Telegram’ning iOS-ilovasi yangilandi: 4.8 talqinida qanday imkoniyatlar bor?

  •   DiMaX
  •  1504
  •  23.03.2018 17:47

Telegram’ning iOS-ilovasi yangilandi: 4.8 talqinida qanday imkoniyatlar bor?

Shu kunlarda Telegram kompaniyasi bloklanish bilan bog‘liq qiyin vaziyatga tushib qolgan. Shunga qaramasdan, uning jamoasi messenjerning barcha platformalarga mo‘ljallangan talqinlarini yaxshilashda davom etmoqda.

O‘QING: Android uchun Telegram 4.8.5 talqinida zo‘r imkoniyatlar taqdim etildi!

Shuningdek, Apple gadjetlari uchun ham Telegram’ning 4.8 talqinidagi yangi ilovasi chiqarildi. Undagi taqdim etilgan yangi qulayliklar asosan Android-kliyentdagisiga o‘xshash, ammo ayrim farqlar ham bor.

Xullas, iOS tizimi uchun chiqarilgan Telegram 4.8 talqinidagi o‘zgarishlar asosan quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

  1. Biror smayl tanlanganida, Telegram unga mos stikerlarni taklif qiladi. Bunda nafaqat o‘zingizda o‘rnatilgan stiker-paketlardagi, balki umuman messenjerda ommalashgan, shu emodziga bog‘liq boshqa stikerlar ham ko‘rsatiladi. O‘rnatilmagan to‘plamlardagi stikerlarni taklif etish funksiyasini ilova Sozlamalarining Stikerlar bo‘limida o‘chirib qo‘yish mumkin.

  1. Endi Telegram’da biror mavzu bo‘yicha stiperlar to‘plamini izlash imkoni bor. Buning uchun stikerlar paneli ochilganida uni pastga silasangiz, tepasida izlash maydonchasi ochiladi. O‘sha joyga kerakli so‘zni inglizchada yozsangiz, turli to‘plamlardagi unga bog‘liq stikerlarni va shu mavzudagi stiker to‘plamlarini ko‘rsatadi. Masalan, quyida «bear» («ayiq») so‘zi orqali izlash jarayoni ko‘rsatilgan:

  1. Birdaniga bir nechta fotosurat yuborish mumkin. Buning uchun, ilova kamerasi orqali bitta rasm tushirgach, uni jo‘natmasdan turib, yonidagi «+» belgichasini bosasiz va yana suratga olasiz. Oxirida barcha rasmlarni bitta albom tarzida yuborasiz.
  2. Avtomatik tungi rejim joriy etilgan. Ya’ni, qorong‘i tushganidan so‘ng yoki kam yoritilgan sharoitlarda interfeysning to‘qrang mavzusi o‘z-o‘zidan faollashadi. Buni ma’lum vaqtda almashadigan qilib o‘zingiz sozlab qo‘ysangiz ham bo‘ladi:

  1. Endi iOS-qurilmalar uchun Telegram Login vidjeti ishlaydi. Ya’ni, o‘zingizning Telegram-akkauntingiz yordamida turli saytlarda avtorizatsiyadan o‘ta olasiz.

O‘QING: Telegram’ni bloklashmoqchi, vaziyat jiddiy!

  1. Mediafayllarga yoziladigan tagso‘zlarda ham matnni turlicha (masalan: to‘qrang yoki kursivli qilib) formatlash imkoni bor.
  2. Istalgan guruhning a’zosi hamda kanalning obunachisi endi undagi nomaqbul xabar haqida Telegram jamoasiga shikoyat qila oladi.
  3. Ilovaning smartfon batareyasidan foydalanishi optimallashtirilgan – endi u quvvatni yanada tejamkorlik bilan ishlatadi.
  4. Turli mayda kamchiliklar to‘g‘rilangan va messenjerning umumiy faoliyati yaxshilangan.

iPhone yoki iPad’ingizga Telegram ilovasini yuklab olish uchun mana bu havola orqali App Store’ga o‘tishingiz mumkin. Agarda allaqachon bu messenjerdan foydalanayotgan bo‘lsangiz, uni yangilang va qulay imkoniyatlardan foydalaning!

O‘QING: Telegram va Skype’da bepul PROMT tarjimoni ishga tushdi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.