Telegram’dagi terrorchilar Alisher Usmonov kompaniyasiga qarashli messenjerga ko‘chib o‘tishgan!

  •   DiMaX
  •  1566
  •  04.12.2019 16:18

Telegram’dagi terrorchilar Alisher Usmonov kompaniyasiga qarashli messenjerga ko‘chib o‘tishgan!

Terrorchi tashkilotlar o‘zaro muloqot qilib turish uchun turli ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardan foydalanishlari turgan gap. Tarmoqlar va messenjerlar ma’muriyatlari esa ularga qarshi faol kurash olib borishadi.

O‘QING: Terroristlar qaysi messenjerlardan ko‘p foydalanishi aytildi

Keyingi paytlarda IShID terrorchilik tashkiloti tarafdorlari Telegram orqali o‘zaro muloqot qilishni kamaytirishgan. Ular boshqa – Mail.ru Group’ga qarashli bo‘lgan, 2017 yili ishga tushirilgan TamTam messenjeriga ko‘chib o‘tishgan. Mail.ru Group boshqaruv kengashida esa asli o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder – Alisher Usmonov ham katta rol o‘ynaydi.

O‘zlarining «jihodchi» ekanliklarini ta’kidlovchi terrorchi guruhlar bo‘yicha belgiyalik ekspert Piter Van Ostayen bu haqda Insider nashriga ma’lum qilgan. Shu yilning 29 noyabr kun London shahrida amalga oshirilgan terrorchilik xuruji haqidagi terrorchilarning bayonoti TamTam messenjerida Telegram’dagidan ikki daqiqa avval e’lon qilingan.

Telegram ma’muriyati 22 va 23 noyabr kunlari IShID bilan bog‘liq bo‘lgan besh mingga yaqin akkauntni bloklagan. Belgiya bosh prokuraturasi buni terrorchilar ustidan qisman qozonilgan g‘alaba, deya e’tirof etgan va endi internet IShIDdan xoli, deya bayonot bergan.

O‘QING: RASMAN: O‘zbekistonda ekstremistik va terroristik profil, kanal va sahifalar ro‘yxati e’lon qilindi!

29 noyabr kuni, Londondagi teraktdan bir necha soat o‘tib, IShIDga aloqador elliktacha Telegram-kanal g‘oyib bo‘lgan. Ammo ertasiga – 30 noyabr kuniyoq Piter Van Ostayen ularni TamTam messenjerida uchratgan.

London strategik aloqalar instituti ilmiy xodimi Amarnat Amarasingam ushbu yangi messenjerda IShID bilan bog‘liq 165 kanal topgan. 3 dekabr holatiga ko‘ra esa ulardan 128 tasi bloklangan. Amarasingam fikricha, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardan quvilayotgan IShID tarafdorlari terroristik targ‘ibot uchun o‘zlarining muloqot platformasini yaratishlari ehtimoli ham mavjud.

TamTam ma’muriyati esa «terrorchilik tashkilotlari kontentiga mutlaqo qarshi» ekanligini bayon qilgan va terrorchilarning akkauntlari hamda kanallari uchrab qolsa, bu haqda xabar berishlarini messenjer foydalanuvchilaridan so‘ragan.

O‘QING: Telegram’da «Jihodchilar» ma’ruzalarini tarqatgan qo‘qonlik yigitga jazo tayinlandi