ZTE Nubia Z18s: qo‘sh ekranli «alomat» smartfon TENAA’ga chiqdi, uni «jonli» videoda tomosha qiling!

  •   DiMaX
  •  730
  •  22.09.2018 16:42

ZTE Nubia Z18s: qo‘sh ekranli «alomat» smartfon TENAA’ga chiqdi, uni «jonli» videoda tomosha qiling!

ZTE kompaniyasi Nubia brendi ostidagi navbatdagi smartfonida o‘zgacha yondashuvni namoyon etayotir. Uning ikkala tomonida ham bittadan rangli ekran mavjud.

O‘QING: ZTE Nubia flagmani: old kamerasi va ekran «kemtigi» yo‘q, ammo ekrani va barmoq izi skaneri ikkitadan!

To‘g‘ri, ikkita ekranli smartfonlar avval ham bo‘lgan, masalan – Meizu Pro 7 modelida shunday yechimni ko‘rish mumkin. Lekin ZTE Nubia Z18s smartfonining ikkala ekrani ham katta, rangli, to‘laqonli displeylardir.

Insayderlar mazkur gadjetning har ikki tomonidan ko‘rsatilgan videolavhani internetga chiqarib yuborishdi. Mana, uni ekranlari yoqiq holida tomosha qilamiz:

Hozirgacha tarqalgan mish-mishlarda ZTE Nubia Z18s ikkita qo‘shaloq kameraga ega bo‘lishi aytib kelinayotgan edi. Ammo yuqoridagi rolikda uning faqat bir tomonidagina kamera bor, ikkinchi yuzasini esa ekran deyarli butkul qoplab olgan.

O‘QING: Ikkita rangli ekranli Nubia Z18S smartfonining rasmiy posteri chiqdi

Shuningdek, kuni kecha ushbu smartfon TENAA saytida ham ro‘yxatdan o‘tdi va shunda uning ayrim xususiyatlari ma’lum bo‘ldi. Jumladan, ZTE Nubia Z18s asosiy ekrani IPS-matritsali bo‘lib, o‘lchami diagonaliga 6,26 dyuymga teng. Uning tasvir aniqligi 2280x1080 pikselni tashkil etadi. Ikkinchi – diagonaliga 5,1 dyuymlik OLED-displey esa 1520x720 piksellidir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ZTE Nubia Z18s uchun ilg‘or Snapdragon 845 protsessori tanlangan. Smartfonning tezkor xotirasi 6 yoki 8, doimiy xotirasi esa 64 yoki 128 gigabaytlik bo‘lishi aytilmoqda. Uning «quvvat toshi» – 3800 mA/soatlik akkumulyator bo‘ladi.

ZTE Nubia Z18s korpusining o‘lchamlari 154,1x73,3x8,65 millimetrga teng, vazni esa 178 gramm tosh bosadi. Mazkur gadjetning taqdimot sanasi hozircha ma’lum emas.

O‘QING: ZTE Nubia Z18s: ikki ekranli «alomat» smartfon namoyish qilindi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!