Ilk sovet mobil telefoni – LK-1

  •   DiMaX
  •  1042
  •  09.02.2017 11:06

Ilk sovet mobil telefoni – LK-1

Uyali aloqa, mobil telefonlar tarixini ko‘pincha G‘arb texnologiyalari bilan bog‘lashadi. Ammo sobiq Ittifoqda ham uyali telefon yaratilganligidan ko‘pchilikning xabari bo‘lmasa kerak.

Radiomuhandis Leonid Ivanovich Kupriyanovich 1957 yili LK-1 deb nomlangan portativ telefon qurilmasining ilk ishlaydigan namunasini taqdim etgan edi.

Kupriyanovichning birinchi telefoni (quyidagi suratda – chapdagi foto) naq uch kilogramm vaznga ega edi. U akkumulyator orqali bir sutkagina ishlardi, harakat radiusi esa 20-30 km.ni tashkil etgan.

Chapda – LK-1 mobil telefoni namunasi; o‘ngda – uning LK-3 nomli, ixchamlashtirilgan uchinchi avlod versiyasi.

Yuqoridagi rasmda, o‘ng tomonda esa shu telefonning uchinchi avlodi – LK-3 namunasi keltirilgan. U endi ancha ixchamlashtirilgan bo‘lib, atigi 70 gramm tosh bosgan! Lekin bu qurilmaning to‘g‘ri ishlashi hozirgacha to‘liq isbotlanmagan.

Bu ikki avlod oralig‘idagi – LK telefonining ikkinchi avlod qurilmasi (sarlavha ostidagi suratda) esa bemalol ishlagan. Hatto bu haqda «Nauka i jizn» jurnalida surati bilan birga maqola ham chop etishgan.

Demak, texnologiyalar tarixida ko‘pchiligimizga ma’lum bo‘lmagan ixtirolar, kashfiyotlar bisyor ekan. Ular bilan tanishib borish uchun esa biz bilan qoling!