Samsung va Apple orasidagi reklama jangi: «Masxaraviy serial»ning yangi qismlari! (+3ta video)

  •   DiMaX
  •  3040
  •  27.07.2018 12:23

Samsung va Apple orasidagi reklama jangi: «Masxaraviy serial»ning yangi qismlari! (+3ta video)

Smartfonsozlar orasidagi raqobatning antiqa usuli – reklama roliklarida bir-birini mayna qilish davom etmoqda. Xususan, janubiy koreyalik kompaniya buni «san’at darajasiga olib chiqayotir».

O‘QING: Bunaqasi bo‘lmagan: Samsung endi Apple va iPhone’ni «serial tarzida» masxara qilishga o‘tdi! (+3 ta video)

Samsung yana uchta reklama roligi chiqardi – ularda iPhone kamchiliklari hamda umuman Apple mayna qilingan. «Masxaraviy serial»ning yangi qismlarida ham huv o‘sha ilk lavhadagi yigit – Apple Store maslahatchisi (ularni «Genius», ya’ni «Daholar» deb atashadi) bosh rolda.

Yangi videolavhalarning birinchisida mijoz iPhone X’ning displeyidagi «o‘yiq» videoni to‘liq ekranda tomosha qilishga xalaqit berayotganidan noliydi. «Daho» esa, bu unchalik xalaqit bermasligini, shunchaki ko‘nikish lozimligini aytadi.

Ko‘rganingizdek, lavha so‘ngida Samsung’ning oldingi reklama roliklaridan bizga tanish bo‘lgan erkak o‘z oilasi bilan ko‘rinadi – ularning barchasi sochlarini iPhone X ekranidagi «kemtik» uslubida oldirishgan.

O‘QING: Samsung ham iPhone foydalanuvchilarini masxara qildi

Navbatdagi videolavhada qiz kelib, iPhone’dagi microSD-karta qo‘yiladigan joyni topa olmayotganini aytadi. Maslahatchi esa, Apple smartfonida u yo‘qligini aytib, «bulutli» saqlagichdan foydalanishni taklif qiladi. Qiz fayllarini qayerlardadir «bulut»larda saqlashni istamayotganini bildirganida, «daho» boshqa taklif beradi: iPhone 8’ni esdan chiqarib, ustiga 140 dollar qo‘shgancha «o‘nlik» ayfon olgan ma’qul.

Tabiiyki, bu rolikda Galaxy S9 modellarida xotira kartasi uyachasi borligini aytib o‘tishni ham yoddan chiqarishmagan.

O‘QING: Ilk iPhone'ni raqiblar qanday mayna qilgani va yo‘qlikka ravona bo‘lishgani haqida

So‘nggi video bo‘lsa ko‘p oynalilik rejimiga bag‘ishlangan. Unda Apple maslahatchisiga murojaat etgan qiz, qanday qilib smartfonda ikkita ilovani birvarakayiga ishga tushirishni so‘raydi. Ammo javob ololmaydi, chunki iPhone’larda shunchaki bunday imkoniyat yo‘q.

Shunday qilib, hozirgacha «masxaraviy serial»ning yettita qismi efir yuzini ko‘rdi. Samsung buni hali davom ettiradigan ko‘rinadi, ularni birga kuzatamiz – bizdan uzoqlashmang.

O‘QING: iPhone reklamasida Apple Android tizimini masxaraladi [қисқа видео]

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!