Xiaomi bu gadjet bozorida Apple’dan o‘zib, liderga aylandi

Xiaomi bu gadjet bozorida Apple’dan o‘zib, liderga aylandi

Jahonning nufuzli International Data Corporation (IDC) marketing va tahlil kompaniyasining yangi tadqiqotlariga ko‘ra, Xiaomi kompaniyasi taqiladigan elektronika vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi brendga aylandi. Bu xitoylik kompaniya uchun ulkan muvaffaqiyat.

Unga ko‘ra, 2017 yilning yanvar-mart oylarida jahondagi ishlab chiqaruvchilar tomonidan jami 24,7 mln dona aqlli soat va fitnes-treker kabi qurilmalar ishlab chiqarishgan. Bu borada ishlab chiqarish hajmi 18 foizga oshgan.

Xiaomi 2017 yilda ishlab chiqarilgan taqiladigan gadjetlarning 14.7 foiziga egalik qilsa, undan keyingi o‘rinni Apple egallagan. Ikkala kompaniya birgalikda 3,6 mln dona gadjetni sotuvga chiqargan. Amerikalik ishlab chiqaruvchining bilak gadjetlari bozoridagi ulushi 14.6 foiz. Uchinchi o‘rin bir necha yil davomida bu borada yetakchi bo‘lgan Fitbit’ga (12,3%) hamda 4-o‘rin Samsung’ga (5,5%) nasib qilgan.

Bugun bilak gadjetlari, ya’ni “aqlli soat”, fitnes-braslet yoki turli trekerlardan hozircha asosan salomatlikni nazorat qilishda, sport bilan shug‘ullanishda foydalanilmoqda. Ekspertlarning fikricha, kelajakda bunday vositalar foydalanuvchiga oid barcha ma’lumotlarni qayd etishda ishlatiladi va ularning imkoniyatlari oshadi.

Xiaomi kompaniyasi bu gadjetlarni ishlab chiqarish barobarida, ularni rivojlantirmoqda va arzon narxdan sotuvga chiqarmoqda. Misol uchun, aprelda taqdim qilingan Weloop Hey 3S nomli ilk «aqlli» soat ko‘rinishidan va imkoniyatlariga ko‘ra 400 AQSh dollaridan sotilayotgan Apple Watch Sport’ni eslatib yuboradi. Biroq, Xiaomi uni $78 dollarga baholagan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!