108MPlik Redmi Note 10 Pro kamerasi iPhone 12’nikidan zo‘rmi? («jonli» test videosi)

  •   DiMaX
  •  2962
  •  15.03.2021 11:26

108MPlik Redmi Note 10 Pro kamerasi iPhone 12’nikidan zo‘rmi? («jonli» test videosi)

Xiaomi kompaniyasining arzonchi brendi Hindistonda taqdim etgan o‘ninchi avlod fabletlar oilasiga uchta model kirgan: standart Redmi Note 10 smartfoni, uning Redmi Note 10 Pro versiyasi hamda yanada ilg‘or Redmi Note 10 Pro Max. Lekin ular jahon bozoriga sal boshqacharoq nomlar bilan chiqqan: global Redmi Note 10 Pro modeli hindcha Redmi Note 10 Pro Max bilan bir xil.

O‘QING: Xiaomi Redmi Note 10 Pro'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishamiz

Global talqindagi Redmi Note 10 Pro flagmanining o‘ziga xosliklaridan biri – asosiy datchigi 108 megapiksellik kvadrokamerasidir. Redskull nomli YouTube-kanal muallifi uning imkoniyatlarini iPhone 12 kamerasiniki bilan taqqoslab ko‘rsatdi. Bloger har ikkala gadjetning turli ssenariylar bo‘yicha tasvirga olish imkoniyatlarini sinab ko‘rgan.

Tester avvalo bu smartfonlarning o‘ta keng burchakli modullarini qiyoslagan – ular har ikkala devaysda ham bir xilda 120 darajalik ko‘rish burchagiga ega. Lekin amalda iPhone 12 o‘z raqibiga nisbatan kengroq sahnani qamrab olgan. Redmi Note 10 Pro’ning bu sensori orqali olingan ayrim suratlarda esa ranglarning berilishi amerikaliklar flagmanidagidan ko‘ra tabiiyroq chiqqan.

Portret rejimida iPhone 12 orqa fonni xiralashtirish hamda ranglarni to‘g‘ri berishda yaqqol ustunlik qilgan. Old kamera orqali rasmga tushirishda esa Redmi Note 10 Pro barcha suratlarga dasturiy filtrlar qo‘llar va buning natijasida yuzdagi ayrim mayda detallarni ham olib tashlar ekan.

Videos’yomka masalasiga kelsak, Redmi flagmani 4K formatida tasvirga tushirayotib, stabilizatsiya funksiyasini qo‘llab-quvvatlamaydi. Old kamera yordamida videoga olishda ham shu hol – Apple smartfonining qo‘li baland.

Vloger xulosada shuni ta’kidlaydiki, suratga olishda iPhone 12 sifatliroq, biroq ikkala devaysning narxlarini o‘zaro solishtirganda, rasmlar sifatidagi farq sezilmay ketadi.

O‘QING: Galaxy S21 Ultra yangi reytingda atigi 17-o‘rin bilan Samsung obro‘sini bir pul qildi!