Apple'da "asr o‘g‘irligi" sodir etildi

Apple'da

O‘tgan haftada internet tarmog‘ida iPhone hamda iPad devayslarining operatsion tizimi hisoblangan iOS tizimiga tegishli kodlar tarqalib ketgan edi. Ekspertlarning fikricha, bu holat Apple tarixidagi eng yirik yo‘qotishlardan biri bo‘lishi mumkin. Boisi, kompaniyaning intellektual mulki bo‘lgan bu tizimning kodi unga qarshi viruslar tayyorlash uchun qurol bo‘ladi. Kompaniya mahsulotlaridan bir necha yuz million nafar inson foydalanishi hisobga olinsa, bu jinoyatdan sayyoramiz miqyosida ko‘pchilik zarar ko‘radi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bundan 3.5 yil avval yozilgan iOS kodlari kompaniyada amaliyot o‘tayotgan stajyor tomonidan internetga chiqarib yuborilgan.

Motherboard nashriga ko‘ra, nomi oshkor qilinmagan stajyor kodlarni o‘g‘irlagan va ularni hakkerlik bilan shug‘ullanadigan 5 nafar do‘stlari bilan bo‘lishgan. Bu "ustasi faranglar" esa Apple smartfonlari va planshetlari tizimiga bemalol kirib, fayllar tizimiga oid ma’lumot to‘playdigan dasturiy ta’minot yechimi — jeylbreyklar ishlab chiqarishga ulgurishgan.

Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, aybdor kompaniyadan iOS tizimiga oid ma’lumotlardan tashqari, kompaniyaga tegishli turli dasturiy ta’minotga oid ma’lumotlarni ham o‘g‘irlagan.

Bu kodlar o‘tgan haftadayoq GitHub forumida e’lon qilingan. Garchi, Apple talabiga ko‘ra bu kodlar o‘chirib tashlangan bo‘lsa ham, bu holat ta’siri endi yuzaga chiqishi mumkin.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!