Galaxy S10 naq uch xil modifikatsiyada chiqadi, ulardan biri Huawei P20 Pro’ni «yer tishlatadi»!
Janubiy koreyalik texnogigantning Galaxy Note 9 fableti taqdimoti nisbatan yaqin. Ammo ko‘pchilik uning keyingi yil boshida taqdim etiladigan Galaxy S10 flagmaniga qiziqmoqda.
O‘QING: Samsung’ning ikkita ekranli smartfoni – bu Galaxy S10 yoki Galaxy Note bo‘lishi mumkin
Jumladan, bugun – 25 iyun kuni tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung Galaxy S10 smartfoni uch xil modifikatsiyada taqdim etiladi. Kompaniyaning o‘ninchi avlod flagmani «Beyond» kodli nomi ostida tayyorlanayotganidan xabaringiz bor. Uning uch xil talqini ham tegishlicha uchta kodli nom bilan atalmoqda.
Xullasi kalom, «Beyond 0» kodi ostidagi qurilmaning displeyi diagonaliga 5,8 dyuymga teng, uning ekrani chetlari qayrilma emas, balki oddiy smartfonlardagi singari tekis bo‘lishi aytilgan. Shuningdek, bu devaysning asosiy kamerasi yakka modulli bo‘ladi.
O‘QING: Galaxy S10 ilk «jonli» suratda – rom degan narsaning o‘zi yo‘q!
«Beyond 1» modelining o‘lchami ham shunday, faqat displeyi flagmanlarga xos tarzda – chetlari qayrilgan. Bu modifikatsiya qo‘shaloq bosh kamera bilan ta’minlanadi.
«Uch og‘a-ini botirlar»ning «katta»si – «Beyond 2» modeli esa diagonaliga 6,2 dyuymlik displey bilan jihozlanadi. Bu modelning asosiy kamerasi uchta ob’yektivli bo‘lib, shu jihati bilan ham Huawei P20 Pro’ga munosib raqib bo‘lishi kutilmoqda.
O‘QING: Huawei "P20" taqdimoti oldidan Samsung va Apple bilan o‘chakishmoqda
Mazkur smartfonlarning «ichki dunyosi» – texnik ta’minoti haqida hozircha aniq ma’lumotlar yo‘q. Ammo kuzatuvchilar «Beyond 1» hamda «Beyond 2» bu jihatdan bir xil, «Beyond 0» esa sal «bundayroq» bo‘lishini taxmin qilishayotir.
Darvoqe, janubiy koreyalik texnogigantning allaqachon bozorga taqdim etilgan turli rusumlardagi «aqlli» telefonlari yurtimiz bozorlarida ham sotilmoqda.