iPhone XI 2018 – mutlaqo romsiz ilk 5G-smartfonni tomosha qilamiz!

  •   DiMaX
  •  3730
  •  11.01.2018 14:15

iPhone XI 2018 – mutlaqo romsiz ilk 5G-smartfonni tomosha qilamiz!

O‘tgan yili Apple o‘zining bir nechta betakror texnologiyalarga boy superflagmani – iPhone X bilan smartfonsozlikda burilish yasadi. Tabiiyki, 2018 yili endi uning yanada yaxshilangan talqini chiqarilishi kutilmoqda. Kuzatuvchilar bu modelning iPhone XI 2018 deb nomlanishini taxmin qilishayotir, deb yozadi AKKet nashri. Shuningdek, manbalardan biri uning xususiyatlari haqida ham ma’lumotlarni keltirib, yangi smartfonning konsept-suratlarini ham namoyish etgan.

O‘QING: Apple’ning O‘zbekiston mobil operatorlari orasidagi yagona hamkori iPhone X savdosini yo‘lga qo‘ydi

Insayder bergan ma’lumotlarga ko‘ra, iPhone XI 2018 modeli joriy yilning kuzida taqdim etiladi. Uning asosiy o‘ziga xosligi – ekrani chindanam mutlaqo romsiz ekanidir, deyiladi xabarda. Ultra Retina deb nomlanuvchi bu AMOLED-displey smartfon old yuzining 99 foizini egallaydi. Uning yuqori qismida avvalgi modeldagidek Face ID yuz skaneri joylashadi, tabiiyki, u ikkinchi avlodgacha yangilangan bo‘ladi.

Ikkinchi avlod Face ID o‘zining «avlod»idan ikki karra tezroq ishlaydi, shuningdek, u iPhone X’dagidek bitta emas, balki birato‘la bir necha foydalanuvchining qiyofasini eslab qola oladi. Apple bu smartfoniga ham Lightning portini tatbiq etadi, hozirda urfga kirgan USB Type-C porti unda bo‘lmaydi.

Yangi flagmanning korpusi keramikadan ishlanadi. Shuningdek, iPhone XI 2018 modelining asosiy «fishka»laridan yana biri uning beshinchi avlod – 5G uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashidir, ammo bu jihati faqat AQSh hududidagina amal qiladi. «Olmali» korporatsiya mazkur tarmoqni allaqachon o‘tgan yilgi iPhone X’ning yangi talqini vositasida sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozganmiz.

O‘QING: 5G tarmog‘ida ishlaydigan iPhone X ham chiqarildi!

Hali 9 oydan keyin taqdim etiladigan yangi ayfonning orqa panelida ham, xuddi iPhone X’dagidek, ob’yektivlari tikka joylashgan qo‘shaloq kamera o‘rin oladi. Qopqoqning o‘rtasida joylashgan Apple logotipi ostida esa simsiz quvvatlash texnologiyasining ishini ta’minlovchi induksion magnit katushkasi bo‘ladi.

Konseptga ko‘ra, iPhone XI 2018 modelidagi eng qiziq joyi – surib chiqariluvchi yuqori romidir. Smartfonning old kamerasi va boshqa datchiklari joylashgan ushbu romni foydalanuvchi bittagina harakat bilan asosiy korpusdan yuqori tomonga surib chiqara oladi.

Bir zamonlar ommalashgan slayder form-faktorli telefonlardagiga o‘xshab ketuvchi bunaqa konstruksiya kundalik foydalanishda qanchalik qulay bo‘lishi haqida bir nima deyish qiyin. Ammo texnik jihatdan buning amalga oshirilishi murakkab hisoblanadi, buning ustiga, Apple hamisha faqat monolit form-faktorli qurilmalar ishlab chiqarib kelayotir. Balki «olmali» korporatsiya buning ham hech kim kutmagan biror yechimini topar. Yana shunisi ham borki, aynan shunday – kamera va datchiklari surilib chiqariluvchi smartfon allaqachon yaratilganligi haqida ham yozganmiz.

O‘QING: Mutlaqo romsiz smartfonni umuman tanilmagan bir kompaniya yaratdi (+video)

Ta’kidlash kerakki, iPhone XI 2018 smartfoni haqidagi yuqoridagi barcha ma’lumotlar hozircha konsept maqomida bo‘lib, insayder tomonidan taqdim etilgan. Apple’ning navbatdagi flagman telefoni bundan umuman boshqacha ko‘rinishda bo‘lishi ham mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!