Shveysariyaliklar Apple Watch’ga javoban «anti-aqlli soat» ishlab chiqarishdi

  •   DiMaX
  •  1904
  •  30.05.2017 17:27

Shveysariyaliklar Apple Watch’ga javoban «anti-aqlli soat» ishlab chiqarishdi

Ikki asrdan buyon o‘ta aniq ishlovchi mexanizmlar ishlab chiqarayotgan H. Moser & Cie kompaniyasi «anti-aqlli soat» yaratdi. Swiss Alp Watch Zzzz deb ataluvchi bu qurilma tashqi ko‘rinishidan Apple Watch’ning aynan nusxasiga o‘xshaydi. Ammo uning yagona «aqlli» funksiyasi – vaqtni ko‘rsatishidir! Bloomberg xabariga ko‘ra, soatsozlar bu mahsulotni «taqiluvchi gadjetlarga qarshi deklaratsiya», deyishmoqda.

Munosib raqobatchi

Market Watch nashrining yozishicha, to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi korpus hamda raqamlarsiz, to‘q rangli siferblat xuddi Apple «aqlli soat»ining korpusi va siferblatiga o‘xshaydi. Uning narxi ham qimmatbaho metallardan yasalgan eng qiymati baland Apple Watch soatlaridan qolishmaydi – naq 27 ming AQSh dollari!

Zzzz modelining korpusi 18 qirotlik oq tilladan va brilliantlardan yasalgan, unga sapfir oyna qo‘yilgan. Soatning orqa tomoni esa shaffof, shu yerdan uning mexanizmi ishlashini kuzatish mumkin.

Soatning orqa tomonidan uning ichki mexanizmlari ishlashini ko‘rish mumkin

Soat ikki variantda ishlab chiqarilmoqda – qora va ko‘k siferblatda, bu esa, ishlab chiqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, «soatsozlikdagi In va Yan san’ati namunasi» ekan. Soatning tasmachasi ham ikki xil – alligator terisidan ishlangan to‘q rangli hamda kudu antilopasi terisidan ishlangan och rangda taqdim etiladi. Ularning klassik ko‘rinishdagi qistirgichi esa tilladan yasalgan.

«Taqiladigan «sovuq elektronika» gadjetlariga javoban biz mexanik soat qalbini taqdim etamiz. U qo‘ldan quvvatlanadi (ya’ni, qo‘lning silkinishidan quvvat olishi nazarda tutilgan) va quvvatlashsiz ham to‘rt kungacha ishlay oladi», deya izohlashdi H. Moser & Cie vakillari.

Shunchaki soat emas

H. Moser & Cie kompaniyasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassisi Natali Kobos so‘zlariga ko‘ra, «anti-aqlli soat» shunchalik eksklyuziv mahsulotki, bugungi kungacha atigi 20 dona ishlab chiqarilgan. Shu partiyaning 90% qismi allaqachon sotilgan. U yana bir jihatni ta’kidladi – negadir ko‘k siferblatli, Brrrr deya antiqa nomlangan modeli ko‘proq xaridorgir ekan.

Swiss Alp Watch Zzzz soatining Apple Watch dizaynida ishlangan ommabop Brrrr versiyasi

Shu kungacha sotilgan soatlar xaridorlarining teng yarmi Osiyo mamlakatlaridan, 25 foizi Yevropadan va qolgan choragi Yaqin Sharq mamlakatlaridan ekan. AQShdan hozircha qiziqish bildiruvchilar bo‘lmagan.

«Bu shunchaki soat emas. Bu – deklaratsiya», deya ta’kidlaydi Natali Kobos. Uning so‘zlariga ko‘ra, taqiluvchi gadjetlarning afzalliklari va kamchiliklari borasidagi bahslarda Swiss Alp Watch Zzzz muhim rol o‘ynaydi.

Eng qizig‘i – «anti-aqlli soat»larning o‘z logotipi yo‘q! «Logotipsiz holida ham soatlarga talab ortib borayotgani – bizning to‘g‘ri yo‘lda ekanimiz isbotidir», deyishadi ishlab chiqaruvchilar.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!