Vahimachilar uchun maxsus: yashirin kameralarni aniqlovchi «anti-josus» gadjet yaratildi! (+video)
Bugungi kunda o‘ta kichkina kameralar ham yaratildiki, ularni hatto tugmaga ham o‘rnatishyapti. Yashirin kameralar turli joylarga o‘rnatilishi va josuslik maqsadlarida foydalanilishi esa ayrimlarda vahima keltirib chiqaradi.
O‘QING: PogoCam – istalgan ko‘zoynakka o‘rnatiladigan mitti kamera
Intel bosh direktori bo‘lgan va kompyuter inqilobini amalga oshirgan Endi Grouv: «Vahimachilargina omon qolishadi», – degan ekan. Tinib-tinchimagan ixtirochilar aynan shunday kishilar uchun yashirin kameralarni aniqlovchi SpyFinder Pro nomli qurilma yaratishdi.
Mana, uning qanday qo‘llanishini quyidagi videoda ko‘ramiz:
«SpyFinder» so‘zi aynan «josusni topuvchi» ma’nosini beradi. Mazkur gadjetning yonib-o‘chib turuvchi oltita yorug‘lik-diodli chiroqchasi o‘rtasidan qaraladigan «ko‘z»i bor. U orqali qarab, xonada yashirin kamera bor-yo‘qligini tekshirish mumkin. Agar biror joyda kamera ob’yektivi yashirilgan bo‘lsa, SpyFinder Pro chirog‘i yonib-o‘chib xabar beradi. Bu devays eng mitti kameralarni ham, hatto o‘chiq bo‘lsayam topib bera oladi.
O‘QING: Coca-Cola butilkaga o‘rnatiladigan selfi kamera chiqaradi
SpyFinder Pro ishlab chiquvchilari uni har qanday vahimachilar, o‘zini kimdir kuzatayotganidan xavfsiraganlar uchun mo‘ljallashgan. Mazkur qurilmani nafaqat o‘z uyida, balki oteldagi xonada va boshqa joylarda ham qo‘llab, u yerda yashirin kamera qo‘yilmaganiga ishonch hosil qilish mumkin. Bu gadjet ikkita oddiy «barmoqchasimon» batareya bilan ishlaydi.
Ammo josuslikka qarshi qo‘llanuvchi bu devays arzon emas – oldindan buyurtma bo‘yicha naq 198 dollardan sotiladi. Unga buyurtma berish uchun mana bu havola orqali o‘tish mumkin. Agarda Kickstarter platformasida SpyFinder Pro’ni ishlab chiqarish uchun yetarli to‘plansa, buyurtmalarni dekabrdan yetkazib berishadi.