Yangilangan bestseller – Redmi Note 8 2021 sotuvga chiqdi: narxlari va farqlari

  •   DiMaX
  •  26910
  •  26.05.2021 09:53

Yangilangan bestseller – Redmi Note 8 2021 sotuvga chiqdi: narxlari va farqlari

2019 yilgi Redmi Note 8 smartfoni xitga aylangan, o‘tgan yilning ilk choragida ham, birinchi yarmida ham eng xaridorgir smartfonlar reytinglariga kirgan. Shuning uchunmi, Xiaomi kompaniyasi kuni kecha uni yangilangan talqinda qayta namoyish etdi.

O‘QING: Yangi reytingda iPhone 11’dan keyingi – ikkinchi o‘rinni atigi 140 dollarlik smartfon egalladi!

Shunday qilib, Redmi Note 8 2021 nomini olgan yangi smartfon tashqi ko‘rinishi jihatidan o‘sha 2019 yilgi modeldan farq qilmaydi. Umuman olganda, uning «ichki dunyosi»da ham farqlar unchalik ko‘p emas va ulardan asosiysi – Qualcomm Snapdragon 665 o‘rniga MediaTek Helio G85 protsessori qo‘llanganidir.

Redmi Note 8 2021 diagonaliga 6,3 dyuymlik, Full HD+ formatli (2340x1080 piksellik) displeyga ega. Corning Gorilla Glass 5 bilan himoyalangan ekranning kemtigiga 13 megapiksellik old kamera joylangan. Smartfonning bosh kamerasi esa 48 + 8 + 2 + 2 megapiksellik sensorlarni o‘z ichiga olgan.

O‘QING: Redmi’ning hamyonbop smartfoni iPhone, Galaxy S21 va hatto S21 Plus’lardan ham zo‘r chiqdi!

2021 yilgi Redmi Note 8 modelining ham barmoq izi skaneri orqa panelga o‘rnatilgan, 4000 mA/soatlik akkumulyatori esa 18 vattlik tezkor zaryad oladi. Xiaomi uni qadog‘idanoq eng yangi – Android 11 operatsion tizimi bazasidagi MIUI 12.5 grafik qobig‘i bilan chiqargan.

Kecha – 25 may sanasidan Redmi Note 8 2021 savdosi boshlangan bo‘lib, uni oq, ko‘k va qora korpuslarda sotishyapti. Narxi esa tezkor/doimiy xotira hajmiga qarab: 4/64 gigabaytligi 169 dollar bo‘lsa, 4/128 gigabaytligi uchun 189 dollar to‘lashga to‘g‘ri keladi.

O‘QING: 1000 dollarlik Galaxy S20+’ni mag‘lub etgan, o‘zi atigi 200 dollarlik smartfonni bilasizmi? («Jonli» test videosi)