Eng arzon elektromobil taqdim etildi – ikkita smartfon narxidan salgina qimmatroq! (+video)

  •   DiMaX
  •  5223
  •  03.03.2020 11:58

Eng arzon elektromobil taqdim etildi – ikkita smartfon narxidan salgina qimmatroq! (+video)

Microsoft korporatsiyasi asoschisi Bill Geyts yaqinda xarid qilgan ilk elektrokar – Porsche Taycan Turbo narxi 150 000 dollardan oshadi. Tesla elektromobillari esa bundan ancha arzon: masalan, Model 3 boshlang‘ich komplektatsiyada 35 000 dollar turadi.

O‘QING: Tesla Model 3 himoyasini buzgan xakerlarga elektromobil hadya etildi!

Fransiyaning Citroën avtokonserni esa Ami rusumli, dunyodagi eng arzon elektromobilni namoyish qildi. Ishlab chiqaruvchi uni 6 ming dollarga baholagan; bu esa ichki xotirasi 64 gigabaytlik iPhone 11 Pro Max modelidan to‘rttasi narxiga teng. Xitoylik texnogigant yaqinda namoyish etgan buklamafon – Huawei Mate Xs narxi 2500 yevro ekanligini hisobga olsak, Citroën Ami uning ikkitasidan salgina qimmatroq ekan, xolos!

Gapning ochig‘i, Citroën arzon elektrokar yaratish maqsadida bu modelida betakror detallarni imkon qadar qisqartirgan. Masalan, mashinaning o‘ng va chap eshiklari aynan bir xil, kuzovning old va orqa qismlari ham o‘zaro farq qilmaydi.

O‘QING: Qarshi oling: Cyberphone – elektromobil bilan iPhone chatishmasi! (+video)

Citroën Ami modeli 6 kilovattlik dvigatel bilan jihozlangan; uning akkumulyatorining bitta to‘la quvvati bilan mashina taxminan 70 kilometr yura oladi. To‘g‘ri, bu juda kam masofa, ammo elektrokarning batareyasini oddiy rozetkadan uch soatda to‘ldirish mumkin.

Bunaqa zaif texnik jihatlariga ko‘ra Ami to‘laqonli avtomobil emas, balki kvadrotsikl hisoblanadi; shu boisdan ayrim mamlakatlarda uni haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan, 14 yoki 16 (mamlakatiga qarab) yoshga to‘lib ulgurgan istalgan kishi boshqarishi mumkin bo‘ladi.

Quyidagi videoda Citroën Ami elektromobilini tomosha qilamiz:

Citroën kompaniyasining ta’kidlashicha, ikki kishilik Ami elektrokarini shahar ichidagi qisqa masofalarga (uydan ishgacha va hokazo) safarlarda qo‘llash mumkin. Bundan oshig‘iga u yaramaydi; buning ustiga, tok manbai bo‘lmagan joylarga uni minib ketib bo‘lmaydi – quvvati tugab qolsa, evakuator chaqirishga to‘g‘ri keladi.

O‘QING: CES 2020: Sony kutilmaganda Tesla’ning «panjasiga panja urdi»! (+video)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.