Xiaomi Mi 10 Lite – kvadrokamerali hamyonbop 5G-flagman namoyish etildi!

  •   DiMaX
  •  4595
  •  28.03.2020 16:21

Xiaomi Mi 10 Lite – kvadrokamerali hamyonbop 5G-flagman namoyish etildi!

«Xitoycha Apple» kecha – 27 mart kuni navbatdagi onlayn taqdimot tadbirini o‘tkazdi. Unda mahalliy bozorda allaqachon sotilayotgan Mi 10 hamda Mi 10 Pro flagmanlarining global anonsidan tashqari, Xiaomi Mi 10 Lite rusumli yangi smartfonini ham ko‘rsatdi.

O‘QING: Xiaomi yana bir shaffof flagmanini namoyish etdi! («jonli» rasmlar)

Avvalo ta’kidlash kerakki, Xiaomi Mi 10 Lite – avval mahalliy bozor uchun chiqarilgan birorta smartfonning reneyming qilingan varianti emas, balki butkul original modeldir. Esingizda bo‘lsa, hali taqdim etilmagan Xiaomi Mi 10 SE modelining «jonli» surati va texnik xususiyatlarini ham e’lon qilgan edik, lekin unisi haqida hozircha umuman boshqa ma’lumot yo‘q, kecha namoyish qilingani esa boshqa qurilma.

Ikkita «og‘a»si kabi, Xiaomi Mi 10 Lite ham beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. Faqat u eng ilg‘or – Snapdragon 865 chipseti emas, balki Qualcomm’ning nisbatan kamtarroq Snapdragon 765G protsessori bazasida ishlaydi.

Unga 6 yoki 8 gigabaytlik tezkor xotira yelkadoshlik qiladi, smartfon doimiy xotirasi 64 va 128 gigabaytlik variantlarda taqdim etilgan.

O‘QING: Xiaomi Mi 10 DxOMark reytingida birinchi

Xiaomi Mi 10 Lite korpusi 8 millimetrlik qalinlikka, va 192 gramm vaznga ega bo‘lib, metall romli, orqa paneli esa shishadan ishlangan. Diagonaliga 6,57 dyuymlik AMOLED TrueColor displeyning tasvir aniqligi FullHD+ formatida, ekranning o‘ziga barmoq izi skaneri ham integratsiya qilingan.

Smartfonning akkumulyatori 4160 mA/soatlik, u 20 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvat oladi. Xiaomi unga kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC modulini ham o‘rnatgan.

O‘QING: Xiaomi asosiy daromadni qayerdan olyapti?

Mi 10 Lite old kamerasi displeyning tomchisimon kemtigiga joylangan va 16 megapiksellik yakka datchikka ega. Bosh kamera bo‘lsa to‘rtburchak blokka birlashgan to‘rtta modulni o‘z ichiga oladi. Undagi asosiy sensor 48 megapiksellik, qolganlari esa 8 + 2 + 2 megapiksellik aniqlikda.

Xiaomi Mi 10 Lite oq, yashil va kul rang tusli korpuslarda, may oyi boshidan Yevropa bozoriga chiqadi. Uning boshlang‘ich – 6/128 gigabaytlik tezkor/ichki xotirali varianti kompaniya flagmanlarining yarim narxida – 349 yevrodan boshlab sotiladi. Qolgan versiyalarining narxi hozircha noma’lum.

O‘QING: Xiaomi uch yil avvalgi flagmanini zamonaviy qilib qayta chiqaryapti!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.