Exynos 9810 va stilusli, qulay narxli yarim flagman – Galaxy Note 10 Lite bilan tanishing!

  •   DiMaX
  •  1744
  •  04.01.2020 10:24

Exynos 9810 va stilusli, qulay narxli yarim flagman – Galaxy Note 10 Lite bilan tanishing!

Samsung kompaniyasi kecha – 3 yanvar kuni – Galaxy S10 Lite hamda Galaxy Note 10 Lite modellarini taqdim etgan edi. Bulardan birinchisi haqida mana bu xabarimizdan o‘qib olishingiz mumkin, arzonlashtirilgan fablet haqida esa quyida to‘xtalib o‘tamiz.

O‘QING: Ha, navbatdagi Galaxy'lar haqida adashmagan ekanmiz!

Galaxy Note 10 Lite dizayni borasida Samsung ko‘p ham bosh qotirib o‘tirmagan – uning tashqi ko‘rinishi Galaxy S10 Lite’dan umuman farq qilmaydi. Unda ham o‘sha 6,7 dyuymlik Super AMOLED displey qo‘llangan, tasvir aniqligi Full HD+ formatida (2400x1080 piksellik), old kamera uchun yuqori qism o‘rtasidan tirqish o‘yilgan.

Faqat bosh kamera dizaynida farq seziladi: Galaxy S10 Lite modelida u to‘rtburchak blokka joylangan bo‘lsa, Note 10 Lite’da kvadrat blokda. Shuningdek, kameraning uchta datchigi va fotochaqnoq ushbu kvadratning burchaklariga o‘rnatilgan.

Note 10 Lite uch xil – qora, qizil va oq korpuslarda taklif etiladi. O‘lchamlariga kelsak, fablet bo‘lgani uchun baribir sal yirikroq: 76,1x163,7x8,7 millimetrlik, vazni esa – 199 gramm. Taqqoslash uchun keltirib o‘tsak, Galaxy S10 Lite hajmi 75,6x162,5x8,1 mm bo‘lsa, vazni 186 grammni tashkil qiladi.

O‘QING: AnTuTu reytingi: Samsung, Huawei, MediaTek va Qualcomm – qay biri eng zo‘r?

Galaxy Note 10 Lite uchun kompaniyaning o‘z protsessori – Exynos 9810 qo‘llangan, u 6/8 gigabaytlik tezkor xotira bilan hamkorlikda ishlaydi. Arzonlashtirilgan fablet faqat bir xil – 128 gigabaytlik doimiy xotira bilan chiqarilyapti.

Internetda allaqachon Galaxy Note 10 Lite’ning «jonli» surati ham tarqalgan:

Fablet akkumulyatorining tok sig‘imi 4500 mA/soatga teng va u 25 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. Qurilmaning barmoq izi skaneri ekraniga joriy etilgan. Smartfon kompaniyaning One UI 2.0 grafik qobig‘i ostidagi Android 10 operatsion tizimi bilan ta’minlangan.

Galaxy Note 10 Lite ham, tabiiyki, Samsung fabletlarining asosiy aksessuari – S Pen stilusiga ega. Bluetooth Low-Energy (BLE) qo‘llanishi sababli stilus yordamida taqdimot slaydlarini almashtirish, videokontentni boshqarish yoki suratga olish mumkin – bular uchun S Pen’dagi tugmachani bosish kifoya. Bundan tashqari, fablet ekrandagi ishoralar orqali boshqarishni qo‘llab-quvvatlaydi, stilus yordamida yozilgan qo‘lyozma matnni bosma matnga aylantirib beradi. Samsung Notes ilovasi yordamida qaydlarni «yo‘l-yo‘lakay» yozish esa yanada osonlashgan va tezlashgan.

O‘QING: Samsung, CES 2020: Kinodagi hayot reallikka aylanmoqda!

Quyidagi suratda Galaxy S10 Lite hamda Galaxy Note 10 Lite modellarining barcha asosiy xususiyatlarini o‘zaro taqqoslab ko‘rishingiz mumkin:

Arzonlashtirilgan fabletning old kamerasi 32 megapiksellik bo‘lib, F2.2 aperturali. Bosh kamerasidagi uchala datchik ham 12 megapiksellik: keng burchakli (F1.7, Dual Pixel AF va OIS), ultra keng burchakli (F2.2) hamda teleob’yektiv (F2.4, OIS va 2 karralik zum).

Samsung Galaxy Note 10 Lite uchun 599 yevro narx belgilangan va u mana shu oyning o‘zidayoq ko‘pgina mamlakatlarda sotuvga chiqadi.

O‘QING: CES 2020 tadbirida Samsung «sun’iy odam» taqdim etadi! (+rasmiy video)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.