108 MP kamera, eng zo‘r displey va Snapdragon 888 chipli Xiaomi Mi 11i namoyish etildi

  •   DiMaX
  •  1549
  •  02.04.2021 11:49

108 MP kamera, eng zo‘r displey va Snapdragon 888 chipli Xiaomi Mi 11i namoyish etildi

Xabaringiz borki, Xiaomi kompaniyasi 29 martdagi mega-taqdimotini Mi 11 Pro smartfoni anonsi bilan boshlagan edi. Biroq tadbirning bosh qahramoni – Xiaomi Mi 11 Ultra premium-flagmani DxOMark reytingida birinchi o‘ringa chiqib ulgurdi. Shuningdek, bulardan tashqari yana Mi 11 Lite hamda Mi 11 Lite 5G smartfonlari ham taqdim qilindi. 30 mart kuni esa bularning baridan zo‘r gadjet chiqdi...

O‘QING: Mi Mix Fold taqdim etildi: ilk Xiaomi buklamafoni, suyuq linzali kameraga ega birinchi smartfon! (+video)

Ushbu beshta telefondan tashqari, mega-namoyishda yana Xiaomi Mi 11i modeli ham taqdim qilingan. Biroq u butkul yangi devays bo‘lmasdan, kompaniyaning arzonchi brendi avvalroq namoyish etgan flagman – Redmi K40 Pro+ smartfonining global versiyasidir.

Xiaomi Mi 11i ham flagman protsessor – Snapdragon 888 bazasiga qurilgan hamda eng ilg‘or, ya’ni tegishlicha LPDDR5 hamda UFS 3.1 standartlaridagi tezkor va doimiy xotira chiplari bilan ta’minlangan. Uning ekrani standart Xiaomi Mi 11 hamda uning Mi 11 Ultra versiyalaridan farqli ravishda, tekis (ya’ni – chetlari qayrilmagan). Shunga qaramay, bu – hozirgi davrda eng ilg‘or bo‘lib turgan (DisplayMate testida eng yuksak – A+ bahosini olgan) Samsung E4 AMOLED panelidir. O‘lchami diagonaliga 6,67 dyuymlik displeyda kadr yangilanishi 120 gerslik, sensor qatlami esa 360 gerslik chastotaga ega. Maksimal yorqinligi 1300 nit bo‘lgan ekran HDR10+ texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Global versiyali ushbu smartfon kameralari ham Xitoyda sotilayotgan Redmi K40 Pro+ modelidagi bilan bir xil: 108 megapiksellik ISOCELL HM2 datchigi, ko‘rish burchagi 119 darajali ob’yektivga ega 8 MPlik o‘ta keng burchakli modul hamda 5 MPlik makroob’yektiv. Selfi uchun esa displeyning yuqori qismi o‘rtasidagi tirqishga 20 megapiksellik sensor o‘rnatilgan.

Bulardan tashqari, Xiaomi Mi 11i modeli ham Dolby Atmos tizimli stereodinamiklar, Wi-Fi 6 hamda NFC modullari bilan ta’minlangan. Tok sig‘imi 4520 mA/soatlik akkumulyator 33 vattlik tezkor quvvatlanadi va smartfonning qadoq jamlanmasiga zaryadchik ham kiritilgan.

Xiaomi Mi 11i smartfoni Celestial Silver, Frosty White hamda Cosmic Black rangli korpuslarda tez orada sotuvga chiqadi. Uning tezkor/ichki xotirasi 8/128 gigabaytlik versiyasi uchun 649 yevro, 8/256 gigabaytligi uchun esa 699 yevro narx belgilangan.

O‘QING: Xiaomi o‘z logotipini o‘zgartirdi