165 dollardan boshlanuvchi Redmi Note 10, Note 10 Pro va Note 10 Pro Max taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  84882
  •  05.03.2021 12:13

165 dollardan boshlanuvchi Redmi Note 10, Note 10 Pro va Note 10 Pro Max taqdim etildi!

 OPPO korporatsiyasining arzonchi subbrendi 4 mart kuni Realme GT rusumli taqdim etganidan xabaringiz bor. Realme brendining ushbu superflagmani Qualcomm kompaniyasining eng qudratli – Snapdragon 888 protsessoriga ega eng arzon smartfon sifatida maydonga tushdi. Bu orada uning asosiy raqibi – Redmi ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q – shu kunning o‘zida yangi telefonlari namoyishini o‘tkazdi.

O‘QING: Redmi Note 10 taqdimotidan oldin uni 10 daqiqalik anboksing videosida batafsil tomosha qilamiz!

Xiaomi kompaniyasining arzonchi brendi tayyorlagan o‘ninchi avlod fabletlar oilasiga uchta model kirgan: standart Redmi Note 10 smartfoni, uning Redmi Note 10 Pro versiyasi hamda yanada ilg‘or Redmi Note 10 Pro Max. Ular bilan tanishuvni soddarog‘idan boshlaymiz.

Redmi Note 10 plastik korpusda bo‘lib, 6.43 dyuymlik displey bilan ta’minlangan; qizig‘i – bu mazkur turkumning oldingi vakillaridagi kabi IPS emas, balki AMOLED-matritsadir. Unda tasvir aniqligi FHD+ formatida, kadr yangilanish chastotasi 60 Gs va maksimal yorqinligi 1100 nit.

Redmi Note 10 samaradorligiga Qualcomm Snapdragon 678 protsessori hamda 4 yoki 6 gigabaytlik tezkor xotira mas’ul. Smartfonni doimiy xotirasi 64 va 128 gigabaytlik variantlarda taklif etishadi; yana microSD formatli xotira kartasi uchun ham joy bor.

Fabletning displeyidagi diametri 3.43 millimetrlik tirqishga 13 megapiksellik selfi-kamera o‘rnatilgan. Redmi Note 10 bosh kamerasi esa to‘rttalik: 48 MP + 8 MP (keng burchakli) + 2 MP (makrokamera) + 2 MP (chuqurlik sensori).

Gadjetning korpusida zamonaviy USB-C porti ham, an’anaviy quloqchin tirqishi ham mavjud. 5000 mA/soatlik batareyasi 33 vattlik usulda tezkor quvvat oladi.

Smartfonni pult sifatida ishlatish mumkin – unda infraqizil port bor. Barmoq izi skaneri esa korpusning yon qirrasiga o‘rnatilgan. Redmi Note 10 eng yangi – Android 11 operatsion tizim bazasidagi MIUI 12 grafik qobig‘i bilan chiqarilmoqda.

O‘QING: O‘rta narxli o‘nta eng kuchli smartfon (AnTuTu reytingi, 2021 yil fevral)

Redmi Note 10 Pro hamda Redmi Note 10 Pro Max modellariga kelsak, ular bir xil texnik xususiyatlarga ega, farqi faqat bosh kameradagi asosiy modulda, xolos. Bulardan birinchisining kvadrokamerasida quyidagi sensorlar qo‘llangan: 64 MP (Samsung GW3) + 8 MP (keng burchakli) + 5 MP (makrokamera) + 2 MP (chuqurlik sensori). Ikkinchisida esa asosiy datchik tarzida 108 megapiksellik Samsung HM2 moduli ishlatilgan, qolgan hamma jiatlari sherigidagi bilan bir xil.

Bu ikkala fabletning ham korpusi shishadan ishlangan va IP52 standartiga ko‘ra muhofaza etilgan. AMOLED-matritsali ekran o‘lchami 6.67 dyuymlik, tasvir uzatishi FHD+ formatida, yangilanish chastotasi ham yuqoriroq – 120 gerslik.

Redmi Note 10 Pro hamda uning Max-versiyasi Qualcomm Snapdragon 732G chipseti asosida tayyorlangan, ya’ni ular 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlamaydi. Smartfonlarni 6/8 gigabaytlik tezkor va 64/128 gigabaytlik ichki xotira bilan ta’minlashgan, yana ikkita SIM-karta slotidan tashqari microSD xotira kartasi uchun ham alohida uyacha ajratishgan.

Fabletlarni stereodinamik bilan jihozlashgan, yana korpusining yon qirrasiga daktiloskop o‘rnatishgan. Akkumulyator tok sig‘imi bazaviy modeldagidan sal kattaroq – 5020 mA/soatlik, tezkor quvvat olishi esa bir xil – 33 vattlik.

Narxini qarang, narxini...

Xiaomi kompaniyasi Redmi Note 10, Note 10 Pro hamda Note 10 Pro Max modellarining Hindistondagi savdosini tegishlicha 16, 17 va 18 martda boshlaydi. «Fillar o‘lkasi»da ularning narxlari quyidagicha:

Redmi Note 10 4/64 GB — $165

Redmi Note 10 6/128 GB — $192

Redmi Note 10 Pro 6/64 GB — $220

Redmi Note 10 Pro 6/128 GB — $234

Redmi Note 10 Pro 8/128 GB — $261

Redmi Note 10 Pro Max 6/64 GB — $261

Redmi Note 10 Pro Max 6/128 GB — $275

Redmi Note 10 Pro Max 8/128 GB — $302

MIUI 12 grafik qobig‘i ostidagi Android 11 tizimi bilan ta’minlangan ushbu uchta smartfonning birortasida ham kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC moduli yo‘q. Fabletlarning ilk namoyishi Hindistonda bo‘lib o‘tgan va ular mahalliy bozorga mo‘ljallan; global versiyalariga bu modul qo‘shilgan bo‘lib, ular haqida alohida xabar beramiz.

O‘QING: Eng zo‘r Android-flagmanlar reytingiga Redmi K40 hamda K40 Pro ham kirdi, Mi 11 esa yana pastladi! (AnTuTu, 2021 yil fevral)