Android-smartfonlarning yangi «qirol»i – Lenovo Legion 2 Pro ilk «jonli» suratlarda!

  •   DiMaX
  •  1526
  •  06.04.2021 12:18

Android-smartfonlarning yangi «qirol»i – Lenovo Legion 2 Pro ilk «jonli» suratlarda!

Lenovo kompaniyasi geymerlarga mo‘ljallangan ikkinchi avlod smartfoni – Legion 2 Pro modelining taqdimot kunini rasman aytgan. Kuni kecha esa ushbu qurilma benchmarkda salkam million ball to‘plab, Android olamida rekord o‘rnatgan!

O‘QING: Eng ravon interfeysli smartfonlar (Master Lu reytingi, 2021 yil mart)

Internetda mazkur geymerofonning texnik xususiyatlariga oid ma’lumotlar chiqayotgan edi, endi esa birinchi «jonli» rasmlari ham paydo bo‘ldi. Xuddi kompaniyaning bultur chiqqan birinchi o‘yin smartfoni – Legion Duel (yoki Lenovo Legion) singari, bunisi ham o‘zgacha dizaynga ega ekan.

Legion 2 Pro orqa paneli simmetrik dizaynga ega, kameralari ham korpusning taxminan o‘rtasida joylashgan. Ularning yonida esa shamollatish tirqishlari hamda RGB-chiroqli Legion logotipiga ko‘zimiz tushadi.

Lenovo tasdiqlashicha, Legion 2 Pro bosh kamerasida aniqligi 64 megapiksellik, optik formati 1/1,32 dyuymlik OmniVision sensori qo‘llanmoqda. Uning yordamida soniyasiga 30 kadr chastotasida 8K-video hamda soniyasiga 120 kadrlik chastotada 4K-roliklar olish mumkin.

O‘QING: AnTuTu reytingini Snapdragon 888 chipli flagmanlar butkul zabt etdi! (2021 yil mart)

Bu geymerofonning 6,92 dyuymlik displeyida eng zamonaviy – Samsung AMOLED E4 matritsasi qo‘llanmoqda. Unda kadr yangilanish chastotasi 144 gerslik bo‘lsa, sensor qatlaminiki naq 720 gersni tashkil etadi!

Legion 2 Pro ikkita ventilyator va samarali issiqlik haydash tizimiga esha bo‘lgan suyuqlikli sovitish texnologiyasi qo‘llangan dunyodagi birinchi smartfondir. Lenovo va’da berishicha, qurilma har qanday vazifani qizib ketmasdan uddalay oladi.

Tabiyki, flagman o‘yin smartfoni Qualcomm Snapdragon 888 protsessori bazasida tayyorlangan. Lenovo uni 16 gigabaytgacha tezkor va 512 gigabaytgacha doimiy xotira bilan ta’minlayapti. Legion 2 Pro batareyasi 5000 mA/soatlik bo‘lib, 90 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Akkumulyator hatto zaryadlashning 1200 siklidan keyin ham dastlabki tok sig‘imining 85 foizini saqlab qoladi.

Hozirgi kunda Legion 2 Pro’ning narxi ma’lum emas, xolos.

O‘QING: TOP-15: Rekord darajada tez quvvatlanuvchi smartfonlar

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!