AnTuTu’da taxt talashayotgan Mi 11 va iQOO 7 flagmanlarini bitta zarbada ag‘dargan yangi rekordchini qarshi oling!

  •   DiMaX
  •  2515
  •  05.01.2021 13:46

AnTuTu’da taxt talashayotgan Mi 11 va iQOO 7 flagmanlarini bitta zarbada ag‘dargan yangi rekordchini qarshi oling!

Xiaomi kompaniyasining Mi 11 flagmani AnTuTu benchmarkida 745 ming ballga yaqin ko‘rsatkich qayd etgan edi. Vivo kompaniyasining iQOO brendi tayyorlagan iQOO 7 geymerofoni esa bu servisda 752 935 ballik natija bilan rekord o‘rnatgan.

O‘QING: Ommabop smartfonlar top o‘ntaligi (1-hafta)

Lekin bu rekordni ham «sindiruvchi» yangi superflagmanni Oppo tayyorlab ulguribdi. Ice Universe nikli taniqli tarmoq informatori uning AnTuTu’dagi testi natijasini ulashdi.

Oppo Find X3 Pro bo‘lishi taxmin qilinayotgan devays ushbu imtihonda 771 491 ball bilan yangi rekord o‘rnatgan. Aytish kerakki, iQOO 7 smartfonining natijasi 752 ming balldan oshiqroq edi.

AnTuTu’da rekord o‘rnatmasidan oldinroq Oppo Find X3 Pro modelining ayrim xususiyatlari ma’lum bo‘lib ulgurgan edi. Superflagman, tabiiyki, Qualcomm kompaniyasining eng kuchli chipseti – Snapdragon 888 bazasida ishlaydi.

O‘QING: TOP-10: Eng xaridorgir 5G-smartfonlar reytingida kutilmagan lider!

Yangi smartfon chetlari qayrilgan, o‘lchami diagonaliga 6,7 dyuymlik OLED-displeyga ega. Uning tasvir aniqligi 1440x3216 piksellik bo‘lib, zichligi bir dyuymga 525 pikselni tashkil etadi. Ekranning kadr yangilanish chastotasini 10 gersdan 120 gersgacha oraliqda sozlash mumkin.

Find X3 Pro korpusining qalinligi 8 millimetrni, vazni esa 190 grammni tashkil etadi. Smartfonning akkumulyatori 4500 mA/soatlik bo‘lib, u 65 vattlik SuperVOOC 2.0 tezkor quvvatlash hamda 30 vattlik VOOC Air simsiz quvvatlash texnologiyalari bilan ta’minlangan. Smartfon yangicha NFC moduliga va qo‘shaloq antennaga ega. Oppo uni Android 11 ustiga qurilgan ColorOS 11 grafik qobig‘i bilan chiqaradi.

Find X3 Pro kvadrokamerasi 50 megapiksellik Sony IMX766 datchigidan ikkitasini o‘z ichiga oladi: ulardan biri oddiy, ikkinchisi esa o‘ta keng burchakli ob’yektiv bilan taqdim etilgan. Bosh kamera jamlanmasidagi uchinchi – 13 megapiksellik modul 2 karralik optik zumga ega bo‘lsa, to‘rtinchi – 3 megapiksellik makrokamera naq 25 karralik zumni ta’minlab beradi.

Oppo ushbu superflagmanini qachon taqdim etishi hozircha aniq emas. Uning bundan oldingi – Find X2 Pro flagmani esa o‘tgan yilning mart oyida taqdim etilganidan to yoz oylarigacha AnTuTu servisining xitoycha reytingda birinchi o‘rinni qo‘ldan bermay kelgan. Iyunda esa u 609 045 ball bilan global miqyosda ham liderlikka erishgan va iyul oyiga kelib ham shohsupadan tushmagan – 604 805 ball bilan yetakchi edi. Keyingi oylarda ham bu flagman kuchlilar o‘nligidan tushib ketmay kelayotir.

O‘QING: Beshta yo‘nalishda 2020 yilning eng zo‘r Android-smartfonlari (Gizmochina reytingi)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!