Counter-Strike: Global Offensive o‘yini endi bepul bo‘lib, unga «Battle Royale» rejimi ham qo‘shildi!
Butun dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham keng ommalashgan o‘yinlardan biri Counter-Strike bo‘ladi. Mazkur o‘yin bo‘yicha xalqaro musobaqalar ham tashkil etilgan.
Valve kompaniyasi bugun Counter-Strike: Global Offensive o‘yinini yangilab, geymerlarni ikki karra xushnud etdi. Avvalo, endi bu o‘yin endi bepul bo‘ldi, uni Steam va boshqa platformalardan tekinga yuklab olish mumkin. Allaqachon bu o‘yinni xarid qilganlarga esa Valve qo‘shimcha imtiyozlar hadya etadi, bu Prime statusi bo‘lib, ular boshqa o‘yinchilardan alohida, o‘zaro jang qila oladilar.
Bepul bo‘lishidan tashqari, Counter-Strike: Global Offensive o‘yinida yana Danger Zone rejimi ham paydo bo‘ldi. Bu xuddi Fortnite va PUBG kabi o‘yinlardagi «Shohona jang» – Battle Royale rejimiga o‘xshash bo‘lib, kurashlar onlayn tarzda, to so‘nggi jangchi qolguniga qadar davom etadi.
Valve kompaniyasi ushbu yangiliklar bilan Counter-Strike: Global Offensive o‘yinini hozirda ancha ommalashgan Fortnite hamda PUBG kabi raqiblariga qarshi qo‘ymoqda.