Exynos 2100 chipli Galaxy S21 Ultra: to‘rtta flagmanga qarshi ilk avtonomlik testi!

  •   DiMaX
  •  1581
  •  21.01.2021 11:06

Exynos 2100 chipli Galaxy S21 Ultra: to‘rtta flagmanga qarshi ilk avtonomlik testi!

Samsung kompaniyasi Galaxy S21 turkumi smartfonlarining global bozorga mo‘ljallangan variantlarida o‘zining Exynos 2100 protsessorini o‘rnatgan. Janubiy Koreya, Xitoy va AQShda sotiladigan variantlari esa Snapdragon 888 chipsetida ishlaydi.

O‘QING: Mobil protsessorlar bozorida endi Qualcomm lider emas!

Amerikalik chipsozning mahsulotlari ancha zo‘r bo‘lsa-da, Exynos 2100 ham uning flagman protsessoridan qolishmas ekan. Xususan, uning bazasidagi Galaxy S21 Ultra smartfonini sinab ko‘rganlar uni yaxshi baholashmoqda.

TechDroider kanali Samsung’ning o‘z chipseti bazasidagi Galaxy S21 Ultra smartfonining avtonomligini bir nechta flagmanlar bilan taqqoslab ko‘rdi va test natijalarini e’lon qildi. Tajribada undan tashqari yana Xiaomi Mi 11, iPhone 12 Pro Max, OnePlus 8 Pro hamda Galaxy S20 Ultra flagmanlari qatnashgan. Bunda kupertinoliklarning vakilidan tashqari barchasining ekrani Full HD+ formatida 120 gerslik chastotaga sozlangan bo‘lgan.

Videodan ko‘rish mumkinki, Samsung’ning yangi flagmani avtonomlik testida faqatgina iPhone 12 Pro Max modeliga yengilgan. Batareyasining uzoq muddatga yetishi bo‘yicha Galaxy S20 Ultra ushbu beshlikning eng oxiridan o‘rin olgan.

Aniqroq ko‘rsatkichlarga keladigan bo‘lsak, janubiy koreyaliklarning bulturgi flagmani akkumulyatorning bitta to‘la quvvati bilan 7 soatu 33 daqiqa ishlay olgan. Galaxy S21 Ultra modelida esa bu ko‘rsatkich 13,5 foizga yuqori – 8 soatu 34 daqiqani tashkil etgan.

O‘QING: Quvvati eng uzoq vaqtga yetuvchi 15 smartfon bilan tanishing

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!