Oppo noodatiy dizayndagi Oppo Air Glass aqlli ko‘zoynaklarini taqdim etdi

Oppo noodatiy dizayndagi Oppo Air Glass aqlli ko‘zoynaklarini taqdim etdi

Oppo kompaniyasi INNO Day tadbirlarida aqlli ko‘zoynaklarni taqdim etishni odat tusiga aylantirdi. Yangi Oppo Air Glass ikki qismdan tashkil topgan. Birinchisi bu - o‘ng tomonida maxsus magniti bo‘lgan ko‘zoynak, ikkinchisi esa magnitga o‘rnatiladigan qurilma. 

O‘QING: Xiaomi smartfonlarning akkumulyatori uchun yangi texnologiyani taqdim etdi 

Ushbu qurilma mikroproyektorga ega bo‘lib, turli xil ma’lumotlarni oynada ko‘rsatib turish vazifasini bajaradi. 

Gadjet Snapdragon Wear 4100 Platform chipseti bilan jihozlangan. Shuningdek, ko‘zoynakdagi monokulyar to‘lqin uzatgich va Spark mikroproyektori mikro LED texnologiyasidan foydalangan holda ma’lumotlarni ko‘zoynak oynalariga chiqarib beradi. 

Proyektor atigi 0.5 kubosantimetr hajmda bo‘lib, bu eng ixcham proyektorlardan biri hisoblanadi. Proyektorning kichik o‘lchamiga qaramay, Micro-LED texnologiyasi yuqori yorqinlik darajasini taklif etadi. O‘rtacha darajada yorqinlik 1400 nitga yetishi mumkin. 

Qurilmani qo‘l harakati, ovoz hamda boshni qimirlatish orqali boshqarish mumkin. Misol uchun, bildirishnomalarni ochish yoki yopish uchun boshni tepadan pastga yoki chapdan o‘ngga qimirlatish kerak bo‘ladi. 

Ko‘zoynakda ob-havo, taqvim, salomatlik, navigatsiya kabi turli xil ilovalar mavjud. Bundan tashqari, qurilma so‘z va gaplarni  inglizchadan xitoychaga yoki xitoychadan inglizchaga tarjima qilishi mumkin. Tez orada ular qatoriga koreys va yapon tillari ham qo‘shiladi. 

Oppo Air Glass Xitoyda 2022-yilning 1-choragida sotuvga chiqariladi. Uning oq yoki qora rangli hamda ikki xil ramkali turi bo‘ladi. 

Air Glass'ga ulanish uchun Oppo Watch 2 yoki Oppo smartfonlaridagi Smart Glass ilovasi kerak bo‘ladi. 

O‘QING: Yana bir kompaniya o‘zining birinchi buklamafonini taqdim etadi