TOP-10: Xitoy flagmanlari barcha Galaxy S20’larni surib chiqardi! (AnTuTu global reytingi, 2020 yil aprel)

  •   DiMaX
  •  4237
  •  12.05.2020 12:11

TOP-10: Xitoy flagmanlari barcha Galaxy S20’larni surib chiqardi! (AnTuTu global reytingi, 2020 yil aprel)

Boyagina biz ommabop AnTuTu servisidagi global tekshiruvlarga ko‘ra o‘rta narxli eng zo‘r smartfonlar reytingini chiqargan edik. Mazkur benchmark yana, narxidan qat’i nazar, eng qudratli flagmanlar ro‘yxatini ham taqdim etgan.

O‘QING: iPhone SE 2020 sotuvga chiqiboq AnTuTu’da hafsalani pir qildi: Apple’ning eski kasali qo‘zidimi!?

Yaqinda e’lon qilingan eng qudratli flagmanlar TOP-o‘ntaligi Xitoydagi foydalanuvchilarning AnTuTu tekshiruvlariga asoslangan bo‘lib, undagi barchasi mahalliy smartfonsozlar mahsuloti edi. Quyidagi reyting esa butun dunyodagi flagmanlarning ushbu benchmarkdagi tekshirib ko‘rishlari asosida, o‘rtacha natijalarga asoslanib tuzilgan.

Dastlabki uchta o‘rin eng kuchli Android-protsessor – Qualcomm kompaniyasining Snapdragon 865 platformasi bazasidagi smartfonlarga tegishli. Xitoycha reytingda zo‘rg‘a to‘rtinchi o‘rinni olgan Xiaomi Mi 10 Pro bu yerda 593 769 ball bilan yetakchi bo‘lib utribdi! Ikkinchi pog‘ona esa 582 697 ballik natijali OnePlus 8 Pro’ga nasib etgan. «Xitoycha Apple»ning standart flagmani – Xiaomi Mi 10 modeli ham kuchli uchlikka kirgan – 580 027 ball.

Eng qizig‘i shundaki, o‘tgan oydagi global reytingda dastlabki to‘rtta, jami oltita o‘rinni Samsung’ning yangi flagmanlari zabt etgan edi. Bu oyga kelib esa Exynos 990 chipli Galaxy S20 Ultra (519 713 ball) hamda Galaxy S20+ 5G (518 494 ball) bir amallab to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarnigina egallashgan.

Qolgan o‘rinlarda tegishlicha quyidagi flagmanlar joylashgan: Asus ROG Phone 2 (Snapdragon 855 Plus, 509 060 ball), Samsung Galaxy S20+ (Exynos 990, 505 071 ball), Samsung Galaxy S20 5G (Exynos 990, 503 324 ball), OnePlus 7T (Snapdragon 855 Plus, 496 700 ball) va OnePlus 7T Pro (Snapdragon 855 Plus, 496 211 ball).

Yetakchi smartfonsozlardan biri – Huawei kompaniyasining birorta ham modeli na Xitoy bozoridagi, na global bozordagi eng kuchli flagmanlar ro‘yxatiga kirmagani g‘alati.

O‘QING: Kelajak flagmanlarining protsessori – Qualcomm Snapdragon 875 haqida ilk ma’lumotlar chiqdi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.