Xiaomi Mi 9T namoyish etildi – barcha xususiyat va narxlari bilan tanishing!

  •   DiMaX
  •  5073
  •  13.06.2019 08:22

Xiaomi Mi 9T namoyish etildi – barcha xususiyat va narxlari bilan tanishing!

«Xitoycha Apple» hamyonbop Redmi K20 hamda Redmi K20 Pro smartfonlarini taqdim etgach, ular global bozorga boshqa nom ostida chiqarilishi ma’lum bo‘lgandi. Terabayt.uz saytida ularning turli texnik xususiyatlari va hatto birinchi «jonli» rasmlari ham e’lon qilingan.

O‘QING: Xiaomi Mi 9T taqdimotdan bir hafta avval sotuvga chiqdi – aniq narxlari bilan tanishing!

 Kutilganidek, kecha – 11 iyun kuni kompaniya Yevropa bozoriga mo‘ljallangan Xiaomi Mi 9T smartfonini taqdim etdi. Bu o‘sha – Xitoy uchun ishlab chiqarilgan Redmi K20 modelining boshqa nom bilan chiqarilgan global versiyasidir. Afsuski, Snapdragon 855 protsessorli Redmi K20 Pro flagmanining yevropacha kloni – Xiaomi Mi 9T Pro qachon namoyish qilinishi (yoki umuman chiqish-chiqmasligi) haqida hozircha aniq xabar yo‘q.

Proshivkasi global ekanini aytmasa, Xitoycha Redmi K20 bilan yevropacha Xiaomi Mi 9T orasida hech qanday farq yo‘q. Yangi qurilma ham o‘sha 6,39 dyuymlik AMOLED-displey bilan jihozlangan. Tomonlari o‘zaro 19,5:9 nisbatli ekranning tasvir uzatishi ham Full HD+ formatida (2340x1080 piksellik). Shuningdek, Redmi K20 modelining asosiy o‘ziga xosligi – korpusning yuqori qirrasidan chiquvchi 20 megapiksellik (f/2.0) selfi-kamera ham saqlangan.

Xiaomi Mi 9T korpusining orqa panelida uch modulli bosh kamera mavjud bo‘lib, ularning birinchisida 48 megapiksellik Sony IMX582 datchigi hamda f/1.75 diafragmali ob’yektiv hamkorlik qiladi. Ikkinchi modul 8 megapiksellik sensor va f/2.4 diafragmali teleob’yektiv bo‘lsa, uchinchisi 13 megapiksellik keng burchakli kamera (f/2.4, ko‘rish burchagi 124.8°) hisoblanadi. «Sun’iy idrok»ka ega bosh kamera soniyasiga 960 kadr tezligida SlowMo video suratga olishga qodir.

Xitoycha versiyasidagi singari bu smartfon ham Snapdragon 730 protsessori bazasida, 6 gigabaytlik tezkor xotira bilan ishlaydi. Doimiy xotirasiga ko‘ra Xiaomi Mi 9T ikki xil – 64 va 128 gigabaytlik talqinlarda taklif etiladi. Qurilmaning 4000 mA/soatlik akkumulyatori 18 vattlik texnologiya asosida tezkor quvvatlana oladi.

O‘QING: Xiaomi bitta quvvat bilan 100 kungacha ishlovchi «aqlli» gadjetini taqdim etdi!

Mi 9T ham zamonaviy – displeyga joylangan barmoq izi skaneriga, kontaktsiz to‘lovlar uchun NFC chipiga ega. Korpusida zamonaviy USB-C porti ham, quloqchin uchun 3,5 millimetrik standart audiotirqish ham mavjud. Xiaomi uni MIUI 10 grafik qobig‘i ostidagi Android 9 Pie operatsion tizimi bilan chiqargan.

Xiaomi Mi 9T savdosi 17 iyundan boshlanadi, uning 6/64 gigabaytlik xotiraga ega varianti 329 yevroga, 6/128 GBligi esa – 369 yevroga narxlangan. Oldindan buyurtma berganlar boshlang‘ich versiyadagisini atigi 299 yevro evaziga olishlari mumkin bo‘ladi. Ranglariga kelsak, uni uch xil – qizil, «qora karbon» va «porloq moviy» tusli korpuslarda xarid qilish imkoni bor.

Bizning Terashop.uz internet-do‘konimizda esa turli rusumlardagi Xiaomi telefonlarini atigi 590 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlarda sotib olish mumkin. Ulardan aksariyatining narxlari ancha pasaytirilgan, shuningdek, to‘lov borasida yangi imkoniyatlar ham paydo bo‘lgan...

O‘QING: Xiaomi smartfonlarini endi pul o‘tkazish (perechisleniye) yo‘li bilan ham olishingiz mumkin!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!