Apple Watch Series 6 namoyish etildi!

  •   DiMaX
  •  1005
  •  16.09.2020 10:13

Apple Watch Series 6 namoyish etildi!

Kutilganidek, kecha – 15 sentyabr kuni Apple kompaniyasi onlayn namoyishini o‘tkazdi. Biz esa shu davr mobaynida imkon qadar Telegram-kanalimizda qisqa ma’lumotlar berib bordik.

O‘QING: Bojxonachilar ikki mingta «qalbaki Apple AirPods»ni qo‘lga olib, o‘zlari sharmanda bo‘lishdi!

Taqdimotning ilk qahramoni Apple Watch Series 6 smart-soati bo‘ldi; undagi asosiy yangilik esa qonning kislorod bilan to‘yinganlik darajasini atigi 15 soniyada aniqlovchi datchikdir. Bundan tashqari, mazkur smartvoch balandlikni o‘lchashni ham o‘rgangan.

Kupertinoliklar oltinchi avlod aqlli soatiga Apple A13 chipi bazasidagi ikki yadroli protsessor o‘rnatishgan. U esa oldingi avlod chipsetidan 20 foizga tezkorroq.

Apple Watch Series 6 displeyi klassik shaklini saqlab qolgan, lekin quyosh nuri ostida 20 foizga, Always On Display rejimida esa 2,5 karraga yorqinroq bo‘lgan. Xohishga ko‘ra turli siferblatlar, shuningdek, smartfonlardan o‘zlashtirilgan memodzilar mavjud.

Ushbu gadjet yangi rang variantlari bilan boyitilgan: alyuminiy korpus uchun ko‘k va qizil; po‘lat korpus uchun esa grafit va tillarang. Bulardan tashqari, soat uchun «monobraslet»lar ham taqdim etildi; bu – bilakka kiydiriladigan, cho‘ziluvchan yaxlit tasmachalardir.

Yana bir foydali funksiya – endi bitta smartfonga bir nechta Watch Series bog‘lasa bo‘ladi. Masalan, o‘z iPhone’i bo‘lmagan ota-onalar va bolalarning soatlarini. Lekin buning uchun faqat SIM-kartani qo‘llovchi soat bo‘lishi talab etiladi.

Yangi smart-soatdagi watchOS 7 operatsion tizimi uyqu monitoringini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, foydalanuvchining qonida kislorod miqdori pasayib ketsa ogohlantiradi.

Apple Watch Series 6 uchun allaqachon oldindan buyurtma ola boshlashgan, ochiq savdoga esa uni 18 sentyabrda chiqarishadi. Soatning narxi 399 AQSh dollaridan boshlanadi.

Kompaniya yangi smart-soatining qadog‘iga quvvatlash adapterini solmagan, uning faqat kabeli qolgan. Xabaringiz borki, kompaniya iPhone 12’lar qadog‘idan quvvatlash adapterini olib tashlamoqchi va buni o‘zi antiqa yo‘l bilan tasdiqlagan. Aftidan, Apple Watch Series 6 jamlanmasida ham quvvatlagich yo‘qligi – shunga foydalanuvchilarni tayyorlash bo‘lyapti.

O‘QING: iPhone 12 jamlanmasi, ayniqsa narxi sizni xursand qilmaydi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!