Samsung atigi 340 dollarga Android 11, flagman protsessor va 7000 mAs batareyali kamerofon chiqaryapti

  •   DiMaX
  •  2632
  •  04.02.2021 11:50

Samsung atigi 340 dollarga Android 11, flagman protsessor va 7000 mAs batareyali kamerofon chiqaryapti

Yaqindagina Samsung birdaniga beshta yangi – arzon va hamyonbop smartfonlar haqida ayrim ma’lumotlarni o‘z saytlariga chiqargan edi. Shulardan biri – Galaxy M02 modelini kompaniya kuni kechagina Hindistonda taqdim qildi.

O‘QING: Eng kutilayotgan Samsung smartfonini ilk rasmiy suratda har tomonidan ko‘ramiz!

Endi esa o‘sha beshta smartfondan yana biri – Galaxy F62 modeli haqida ayrim ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Ulardan asosiysi – Samsung bu smartfoniga o‘zining Exynos 9825 chipsetini o‘rnatyapti. Bu jihati smartfon avvalroq Geekbench servisida test topshirganida aniqlangan edi. Eslatib o‘tamiz, bu – kompaniyaning Galaxy Note 10 hamda Galaxy Note 10+ flagmanlarida qo‘llangan protsessordir.

Galaxy F62 modelining yana bir muhim jihati – akkumulyatori naq 7000 mA/soatlik tok sig‘imiga ega ekanligidir. Smartfonning ekrani Super AMOLED matritsali bo‘lib, o‘lchami diagonaliga 6,7 dyuym keladi.

O‘QING: Samsung o‘zining Galaxy Z Flip buklamafonini Trade-in dasturi doirasida atigi 200 dollardan sotyapti!

Bu gadjetning bosh kamerasi to‘rt modulli, uning asosiy datchigi esa 64 megapiksellik aniqlikka ega. Selfi ishqibozlariga ham Galaxy F62 ma’qul keladi – unda 32 megapiksellik old kamera bo‘ladi.

Samsung ushbu devaysini qadoqdanoq eng yangi – Android 11 operatsion tizim talqini bazasidagi One UI 3.1 grafik qobig‘i bilan taklif etadi. uning tezkor va doimiy xotira hajmi esa tegishlicha 6 va 128 gigabaytlik bo‘lishini aytishmoqda.

Kamida ikki xil – ko‘k va yashil rangli korpuslarda ishlab chiqariluvchi Galaxy F62 premerasi yaqin orada bo‘lib o‘tishi kerak, lekin kuni aniq emas. Shunga qaramasdan, smartfonning narxi ma’lum: uni Hindistonda namoyish etib, 340 dollarga teng narxda mahalliy bozorga chiqarishadi.

O‘QING: 15 xil Samsung smartfoniga Android 11 bazasidagi OneUI 3.1 proshivkasi keladi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!