RASMAN: Qayishqoq displeyli «raskladushka» – Motorola RAZR namoyish kuni aniq!

  •   DiMaX
  •  839
  •  18.10.2019 11:46

RASMAN: Qayishqoq displeyli «raskladushka» – Motorola RAZR namoyish kuni aniq!

Motorola brendining RAZR rusumli afsonaviy «raskladushka» telefoni «qayta tirilishi» haqidagi mish-mishlar 2017 yiliyoq paydo bo‘la boshlagandi. Keyinroq esa uning buklama ekranli smartfon bo‘lishi xabar qilindi, tag‘in fevralda sotuvga chiqishi va narxi ham ma’lum ekanligi aytilgan...

O‘QING: Qayta tirilgan afsona – ishlayotgan holdagi buklama ekranli Motorola RAZR 2019’ni videoda ko‘ramiz!

Ikki yillik sizib chiqqan ma’lumotlar va turfa mish-mishlardan so‘ng, nihoyat, Motorola o‘zining RAZR buklamafoni taqdimot kunini e’lon qildi. CNET nashriga kompaniya jo‘natgan taklifnomaga ko‘ra, ushbu «raskladushka»ni 13 noyabr kuni namoyish qilishadi.

Taqdimot tadbiri Los-Anjeles shahrida, «An original unlike any other» («Boshqalardan farqli original») shiori ostida tashkil etiladi. Kompaniya bu bilan mazkur gadjetning ekrani tikkasiga bukilishiga ishora qilayotgan bo‘lsa kerak.

O‘QING: Samsung vertikaliga buklanuvchi buklamafonni patentladi

Shu paytgacha aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Motorola RAZR modelining kodli nomi – Voyager. Bozorga esa uni Motorola RAZR 2019 yoki Motorola RAZR V3 nomi ostida taqdim etishlari mumkin.

Bundan tashqari, ushbu smartfonning qadog‘i bilan birga tushirilgan surati ham tarqaldi:

Gadjetning asosiy – egiluvchan displeyi diagonaliga 6.2 dyuymlik, tasvir aniqligi 2142x876 piksellik. Bundan tashqari, qurilma yopilganida tashqarida qoluvchi – bildirishnomalarga mo‘ljallangan, 800x600 piksellik qo‘shimcha ekran ham bor.

Yangilangan Motorola RAZR apparat ta’minoti asosini Qualcomm Snapdragon 710 protsessori hamda 4/6 gigabaytlik tezkor xotira tashkil etadi. Uning akkumulyatori 2750 mA/soatlik tok sig‘imiga ega bo‘lib, 27 vattlik TurboPower tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega.

Kompaniya ushbu qurilmasini Black, White hamda Gold rangli korpuslarda taklif etadi. Uning narxi 1500 AQSh dollari atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, uning cheklangan miqdorda chiqarilib, faqat ayrim mamlakatlardagina sotilishi ehtimoli yuqori.

O‘QING: 1 noyabrgacha smartfon olishga ulguring, keyin IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish pulli bo‘lib, narxlar ham oshadi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!