AnTuTu reytingi: O‘yinbop flagman Mi 11’ni taxtdan ag‘dardi! (2021 yil yanvar)

  •   DiMaX
  •  888
  •  03.02.2021 11:07

AnTuTu reytingi: O‘yinbop flagman Mi 11’ni taxtdan ag‘dardi! (2021 yil yanvar)

Qualcomm kompaniyasining eng kuchli chipseti – Snapdragon 888 bazasidagi ilk smartfon – Xiaomi Mi 11 modeli AnTuTu benchmarkining o‘tgan oydagi reytingida shohsupaga ko‘tarilgan. Lekin bu flagman taxtda uzoq o‘tira olmadi...

O‘QING: Hamyonbop Android-smartfonlardan qaysilari eng zo‘r? (AnTuTu reytingi, 2020 yil dekabr)

AnTuTu jamoasi 2021 yilning birinchi oyi mobaynida ushbu benchmarkda tekshirib ko‘rilgan Android-smartfonlarning eng kuchlilarini e’lon qildi. Ro‘yxatni shakllantirishda mazkur servisda kamida 1000 marta test qilingan modellardan har birining o‘rtacha (eng yuqori emas!) natijalari asos qilib olingan.

Dekabrdagi reytingda 708 425 ballik natijasi bilan lider bo‘lib turgan Xiaomi Mi 11 bu gal 705 593 ballik ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘ringa tushib qolibdi. Vivo kompaniyasining iQOO brendi tayyorlagan iQOO 7 geymerofoni hali taqdim etilmasidan oldinoq bu servisda 752 935 ballik natija bilan rekord o‘rnatgan edi. Nihoyat, bu smartfon yanvarda namoyish etildi va o‘z raqibidan ancha arzon narxda sotila boshladi. Xaridorlar darhol uni AnTuTu’da tekshirib ko‘rishdi va... 728 784 ball bilan u mazkur oyning yetakchisiga aylandi!

Dastlabki ikki o‘rindagi smartfon Qualcomm Snapdragon 888 chipseti bazasida ishlaydigan bo‘lsa, keyingi ikkita pog‘onani Kirin 9000 protsessorli Huawei flagmanlari egallagan. Ya’ni, Huawei Mate 40 Pro+ hamda Huawei Mate 40 Pro kamerofonlari tegishlicha 702 553 va 688 043 ball bilan uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni band etgan.

O‘QING: 2020 yil so‘ngida beshta narx toifasida eng qudratli Android-smartfonlar (AnTuTu reytinglari)

Ko‘rib turganingizdek, yanvar oyidagi kuchli smartfonlar o‘ntaligiga yana quyidagi flagmanlar kirgan va ularning bari Snapdragon 865 protsessoriga tayanadi:

  1. Oppo Reno 5 Pro+
  2. iQOO 5
  3. Redmi K30S Extreme Commemorative Edition
  4. iQOO 5 Pro
  5. Vivo X50 Pro+
  6. Xiaomi Mi 10 Ultra.

Ishlab chiqaruvchilar kesimida qaraganda, ro‘yxatda eng ko‘p – to‘rtta o‘rinni Vivo kompaniyasi (va uning iQOO brendi) vakillari band etgan. Xiaomi (hamda uning Redmi brendi)ning uchta, Huawei korporatsiyasining ikkita va Oppo kompaniyasining bitta modeli kuchlilar o‘nligiga kirgan.

Darvoqe, Oppo kompaniyasining Find X3 Pro flagmani bularning barchasidan ham oshiq natija ko‘rsatgan. Bu model hali rasman namoyish etilganicha yo‘q, biroq allaqachon samaradorlik bo‘yicha undan ham ustun yangi smartfon paydo bo‘ldi!

O‘QING: AnTuTu taxtiga da’vogarni taqdimotidan avval «Qora Akula yeb qo‘ydi»!