Taqdimotdan oldin Xiaomi Mi 11 Pro hamda Mi 11 Pro+ narxlari va xususiyatlari aniq bo‘ldi

  •   DiMaX
  •  13505
  •  08.02.2021 12:45

Taqdimotdan oldin Xiaomi Mi 11 Pro hamda Mi 11 Pro+ narxlari va xususiyatlari aniq bo‘ldi

Qualcomm kompaniyasining eng kuchli chipseti – Snapdragon 888 bazasidagi ilk smartfon – Xiaomi Mi 11 modeli AnTuTu benchmarkining o‘tgan yildagi so‘nggi reytingida shohsupaga ko‘tarilgan. Lekin korporatsiya uning yanada ilg‘or versiyasi – Xiaomi Mi 11 Pro va hattoki Mi 11 Pro+ flagmanlarini taqdimotga tayyorlamoqda.

O‘QING: Xiaomi Mi 11 Pro flagmanining Xiaomi Mi 11’dan asosiy farqi nimada?

Xiaomi o‘tgan oyning o‘rtasida oraliq talqindagi – MIUI 12.5 grafik qobig‘ini taqdim etgan. Uning global versiyasining taqdimoti bugun – 8 fevralga belgilangan va unda yuqoridagi ikkita smartfon ham namoyish etilishi mumkin. Xitoylik insayderlar esa allaqachon bu ikki flagmanning asosiy texnik xususiyatlari va hatto barcha konfiguratsiyadagi variantlarining narxlarigacha e’lon qilishdi.

Xiaomi Mi 11 Pro modeli diagonaliga 6,81 dyuymlik displey bilan ta’minlangan bo‘lib, uning tasvir uzatishi 2K formatida bo‘lsa, kadr yangilanish chastotasi 120 gersga yetadi. Snapdragon 888 protsessorli bu flagmanning bosh kamerasida asosiy sifatida qo‘llanuvchi Samsung GN2 datchigining aniqligi 50 megapiksellik va u optik barqarorlashtirish tizimiga ega. Ikkinchi – Sony IMX586/598 sensori 48 megapiksellik aniqlikda bo‘lsa, yana bitta 48 MPlik – Sony IMX586 moduli 5 karralik optik zum hamda 120 karralik gibrid zum imkoniyatlari bilan ta’minlangan. Mi 11 Pro old kamerasida esa 20 megapiksellik sensor ishlatilgan.

Akkumulyatorning tok sig‘imi 5000 mA/soatga teng; u 67 vattlik tezkor quvvatlash, shuningdek simsiz zaryadlanish texnologiyalari bilan boyitilgan. Xiaomi Mi 11 Pro gadjetida yana NFC chipi, ekranosti daktiloskopik skaner, Wi-Fi 6E, Bluetooth 5.2, infraqizil port hamda Harman/Kardon dinamiklari mavjud. Kompaniya uning 8/256 gigabaytlik variantini 775 dollarga, 12/256 gigabaytligini esa 835 dollarga baholayapti.

O‘QING: Tayyor turing: Xiaomi Mi 11 global bozorga bir yarim baravar qimmat narxlarda chiqadi!

Turkumning eng kuchlisi – Xiaomi Mi 11 Pro Plus modeliga kelsak, u ham xuddi sherigidagi kabi displey va Snapdragon 888 protsessoriga ega. Batareyasi ham 5000 mA/soatlik bo‘lsa-da, unga eng yuqori – naq 120 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi tatbiq etilgan. Uning korpusi IP68 standartiga ko‘ra himoyalanganini ham ta’kidlab o‘tish kerak.

«Plyusli» smartfonning asosiy farqlaridan yana biri esa kameralarida: oddiy Mi 11 Pro flagmanidagi optik datchiklar qo‘llangan bo‘lsa-da, bunisida optik zum naq 10 karralik bo‘ladi. Shuningdek, Mi 11 Pro+ devaysining bosh kamera jamlanmasiga yana bitta – 12 megapiksellik aniqlikdagi, ikki karralik optik zumga ega datchik ham kiritilgan. Selfi borasida ham bu model yanada kuchli – unda 32 megapiksellik old kamera bor.

Xiaomi Mi 11 Pro+ qurilmasi ikki xil tezkor/ichki xotirali variantlarda chiqadi. Uning 8/256 gigabaytligi 865 dollarga baholanayotgan bo‘lsa, 12/256 gigabaytligi uchun 930 dollar so‘rashadi.

O‘QING: Xiaomi yana inqilobiy smartfon yaratdi: umuman port va tugmachasiz, to‘rt tomoni «sharshara» displey... («jonli» video)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!