Galaxy M51 va Galaxy M31s arzon smartfonlari ham flagmancha xususiyatga ega bo‘lyapti

  •   DiMaX
  •  6049
  •  13.05.2020 10:03

Galaxy M51 va Galaxy M31s arzon smartfonlari ham flagmancha xususiyatga ega bo‘lyapti

Samsung kompaniyasi yangi avlod arzon smartfonlar turkumi – Galaxy M seriyasining bir nechta vakilini taqdim etgan. Ulr odatda Hindistonda namoyish qilinib, ayrimlari so‘ng boshqa bozorlarga ham chiqarilyapti.

O‘QING: Samsung’ning eng arzon smartfoni – Galaxy M01 xususiyatlari sizga ham yoqadi!

Janubiy koreyalik texnogigant yana «Fillar o‘lkasi»dagi bozor uchun ikkita arzon smartfon tayyorlayapti. Model raqamlari SM-M515F va SM-M317F bo‘lgan ushbu devayslar tegishlicha Galaxy M51 va Galaxy M31s nomlari ostida namoyish etiladi.

Galaxy M51 haqida avval ham xabar berganmiz, uning hatto suratlari va videosi ham chiqqan. Mart oyining oxirida u eng ommabop smartfonlarning TOP-o‘ntaligiga ham kirgan. Aytishlaricha, u dekabrda taqdim etilgan o‘ta ommabop model – o‘rta narxli turkumdagi Galaxy A51’ga o‘xshash, lekin akkumulyatori kuchaytirilgan bo‘ladi.

O‘QING: Samsung Galaxy A51'ning to‘liq tavsifi bilan tanishamiz

Samsung tayyorlayotgan ikkinchi arzon smartfon – Galaxy M31s haqida ma’lumot kamroq, lekin u fevralda namoyish qilingan va «megamonstr» deya maqtalgan Galaxy M31 modelining takomillashtirilgan versiyasi bo‘lsa kerak.

Sammobile nashrining yozishicha, yuqoridagi ikkita arzon smartfon ham, sig‘imdor batareyadan tashqari, naq 128 gigabaytlik doimiy xotira bilan taqdim etiladi. Odatda bunday katta hajmli ichki xotira arzon emas, balki o‘rta narx toifasidagi smartfonlarda va flagmanlarda qo‘llanar edi. Lekin birinchi raqamli smartfonsoz nisbatan past daromadli aholiga ega mamlakatlar bozorlarida shu yo‘l bilan xaridorlarni jalb etmoqchi, shekilli.

Ehtimol, keyinchalik ularning kichikroq hajmdagi – 64 gigabaytlik xotiraga ega versiyalari ham chiqarilar. Chunki arzon turkumga mansub bo‘lgani bilan, yirik xotira smartfonning tannarxi ham oshishiga olib keladi, bozor esa buni ko‘tarmaydi.

O‘QING: Samsung rosa maqtagan arzon smartfon «g‘isht»ga aylanib qolyapti!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!