Quvvati 19 kunga yetuvchi Xiaomi Mi Band 6 chiqdi – videosi, narx va jihatlari

  •   DiMaX
  •  1670
  •  01.04.2021 15:57

Quvvati 19 kunga yetuvchi Xiaomi Mi Band 6 chiqdi – videosi, narx va jihatlari

Xiaomi kompaniyasi 29 martdagi mega-taqdimotini Mi 11 Pro smartfoni anonsi bilan boshlagan edi. Biroq tadbirning bosh qahramoni – Xiaomi Mi 11 Ultra premium-flagmani DxOMark reytingida birinchi o‘ringa chiqib ulgurdi. Shuningdek, bulardan tashqari yana Mi 11 Lite hamda Mi 11 Lite 5G smartfonlari ham taqdim qilindi. 30 mart kuni esa bularning baridan zo‘r gadjet chiqdi...

O‘QING: Mi Mix Fold taqdim etildi: ilk Xiaomi buklamafoni, suyuq linzali kameraga ega birinchi smartfon! (+video)

Misli ko‘rilmagan smartfonlaridan tashqari, «Xitoycha Apple» ushbu marosimning ilk kunida Xiaomi Mi Band 6 fitnes-trekerini ham namoyish qilgan. Oldingi avlod – Mi Band 5 smart-brasletidan u yirik va aniq displeyi, ko‘plab datchiklari hamda oshirilgan avtonomligi bilan farqlanadi. Unda GPS ham bo‘lishi aytilgan edi, ammo mazkur sensor yo‘q ekan.

Shunday qilib, Xiaomi Mi Band 6 diagonaliga 1,56 dyuymlik, ya’ni Mi Band 5 modelidagidan 50 foizga katta AMOLED-displeyga ega. Uning aniqligi 360x152 pikselga teng, piksellar zichligi esa 326 PPI. Ushbu gadjet ekranining yuqori va pastki qismlarida bo‘sh joy qolmaganligi bilan zamonaviy qiyofaga ega. Unda tanlash uchun naq 130 ta turli siferblatlar mavjud. Treker korpusi suvdan himoyalangan – uni taqqan holda 50 metrgacha suv ostiga sho‘ng‘ish mumkin.

Pulsometr va yurak ritmi monitoringidan tashqari, Xiaomi Mi Band 6 qondagi kislorod darajasini kuzatib boruvchi pulsoksimetri bilan ham maqtana oladi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, SpO2 datchigi yana uyqu paytida nafas olish sifatini kuzatish qobiliyatiga ham ega.

Mi Band 5 modelida jismoniy mashqlarning 15 ta rejimi mavjud bo‘lsa, oltinchi avlod bilaguzukda yana oltitasini qo‘shishgan. Ular qatorida xona ichida va ko‘chada yugurish hamda velosiped haydash, elliptik trenajyor kabilar mavjud bo‘lib, egasi qaysi fitnes turi bilan shug‘ullanayotganini smart-braslet avtomatik tarzda aniqlab oladi.

Ushbu devays odatiy rejimda akkumulyatorining bitta to‘la quvvati bilan 14 kun ishlay oladi. Quvvatni tejash rejimida esa uning avtonomligi 19 kungacha boradi. Fitnes-braslet magnitli zaryadlash tizimi orqali quvvatlanadi.

Xiaomi Mi Band 6 ikki xil – NFC chipi bilan hamda ushbu modulsiz versiyalarda ishlab chiqarilmoqda. Xitoyda bulardan birinchisi 43 dollarga, ikkinchisi esa 35 dollarga teng narxda sotiladi. Kompaniya yangi fitnes-trekerini naq sakkiz xil –  oq, jigarrang, qora, ko‘k, zarg‘aldoq, sariq, yashil va kumush rangli variantlarda taklif etadi. Mazkur aqlli bilaguzuk global bozorga Xiaomi Mi Smart Band 6 nomi ostida, 45 yevrolik narx bilan chiqadi.

 

O‘QING: Xiaomi o‘z logotipini o‘zgartirdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.