Mashhur robot-ko‘ppak sotuvga chiqdi, lekin bu pulga Tesla Model S olish mumkin! (+video)

  •   DiMaX
  •  1031
  •  17.06.2020 15:50

Mashhur robot-ko‘ppak sotuvga chiqdi, lekin bu pulga Tesla Model S olish mumkin! (+video)

Boston Dynamics kompaniyasi o‘zining Spot nomli robotini yangi ishlarga o‘rgatishda davom etmoqda. Bu yaratiq odamdan yaxshi raqsga tushayotgan videosini, keyinroq esa u qo‘y boqayotgan lavhani ulashgandik.

O‘QING: Robot-askarning haqiqiy isyonini «jonli» videoda ko‘ring!

Kompaniya ushbu robot-ko‘ppagini shu kungacha faqat ijaraga berib kelayotgan edi, shundayam ayrim kompaniyalarga. Endi esa Spot ochiq savdoga qo‘yildi, lekin hozircha faqat AQSh hududida. Boshqa mamlakatlardagi xohlovchilarga esa Boston Dynamics’ning savdo bo‘limi bilan bog‘lanish va ijara masalasini muhokama etish taklif qilinmoqda.

Robot-ko‘ppak tijorat va sanoat maqsadlarida qo‘llanishi mumkin: avtomatik ma’lumot to‘plash, yuk tashish, xavfli hududlarni ko‘zdan kechirish va hokazo. Boston Dynamics Spot jamlanmasiga robotning o‘zi, ikkita akkumulyatori, boshqarish uchun planshet, quvvatlash qurilmasi, korpus va dasturiy ta’minot kiradi. Buyurtmachilarga uni eltib berish 4–6 haftada amalga oshiriladi (xuddi AliExpress’dan keladigan tovar kabi).

Narxiga keladigan bo‘lsak, Boston Dynamics Spot uchun naq 74 500 AQSh dollari so‘rashyapti! Bu hatto AQShda ham ozmuncha pul emas – xuddi shu narxga Tesla Model S elektrokarini olish mumkin, axir!

Robot-ko‘ppakni xarid qilishga qurbi yetadiganlar uchun qo‘shimcha tarzda zaxira akkumulyator, lidar va boshqa jihozlarni ham taklif etishadi va ular ham qimmat. Bulardan tashqari, Boston Dynamics Spot xaridorlari bir yillik premium servisga obuna bo‘lishlari mumkin – bu xizmatning o‘zi 15 000 dollar turadi!

O‘QING: AQSh armiyasida ishlagan muhandis «mashinalar qo‘zg‘oloni»dan xavotirda

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!