«Qualcomm, nariroq suril!» – Samsung ham arzon 5G-smartfonlar uchun protsessor tayyorlayapti

  •   DiMaX
  •  921
  •  13.05.2020 14:28

«Qualcomm, nariroq suril!» – Samsung ham arzon 5G-smartfonlar uchun protsessor tayyorlayapti

Geekbench servisida xitoylik kompaniyaning hali taqdim etilmagan Vivo Y70s smartfoni tekshirib ko‘rilgani aniqlandi. Bu yerdagi qiziq jihat shuki, yangi qurilma Samsung rasman taqdim etib ulgurmagan yangi 5G-protsessor asosida ishlaydi!

O‘QING: 1000 dollarlik Galaxy S20+’ni mag‘lub etgan, o‘zi atigi 200 dollarlik smartfonni bilasizmi? («Jonli» test videosi)

Samsung kompaniyasining asosan o‘z smartfonlarida qo‘llanuvchi Exynos turkumidagi mobil protsessorlari anchadan beri tanqidlarga sabab bo‘lib kelmoqda. Shu boisdan ham janubiy qoreyalik gigant oxiri amerikalik chipsozga tan berib, bu biznesdan chiqib ketayotganini aytgan edi.

Benchmark ma’lumotlar bazasidagi yangi yozuvlar esa buning aksini ko‘rsatyapti: Vivo Y70s modeli janubiy koreyalik gigantning Exynos 880 5G rusumli chipseti bazasida tayyorlangan ekan.

Geekbench ushbu protsessorning barcha xususiyatlarini ko‘rsatmaydi, ammo insayderlar bu borada ayrim ma’lumotlarni tarqatishgan. Ya’ni, Exynos 880 5G protsessori jamlanmasiga 2 GGs chastotali ikkita Cortex-A77, 1,8 GGs.lik oltita Cortex-A55 yadrolari hamda yadrolar soni aniq bo‘lmagan Mali-G76 grafik tezlatgichi kiradi.

Vivo Y70s smartfoniga qaytadigan bo‘lsak, uning tezkor xotirasi 8 gigabaytlik bo‘lishi va 18 vattlik tezkor quvvatlana olishini aytishmoqda. Undagi Exynos 880 5G chipseti yakka yadroli sinovda 641 ball, barcha yadrolari ishtirokidagi imtihonda esa 1814 ball olgan. Bu natijalar Snapdragon 765G ko‘rsatkichlariga juda yaqin; demak, yangi chipset Qualcomm’ning aynan shu protsessori bilan raqobatlashadi. 5G-modemni ham o‘z ichiga oluvchi yangi Samsung protsessori bazasidagi smartfonlar Snapdragon 765G chipsetli aksariyat 5G-smartfonlardan arzon bo‘lishini kutish mumkin.

O‘QING: MediaTek eng arzon 5G-smartfonlar va flagmanlar uchun, jami to‘rtta 5G-protsessor taqdim etyapti

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!