Mobil protsessorlar bozori: MediaTek allaqachon Qualcomm’ga yetay deb qoldi
Har qanday smartfonning «elektron yuragi» — uning protsessoridir. Smartfonsozlar son-sanoqsiz, mobil chipsetlarni ishlab chiqarish bilan esa dunyo bo‘yicha bir nechtagina kompaniya shug‘ullanadi.
O‘QING: AnTuTu eng kuchli mobil protsessorlar reytingini chiqardi
Counterpoint Research tadqiqot va tahlil kompaniyasi joriy yilning ikkinchi choragi holatiga ko‘ra mobil protsessorlar bozori haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, joriy yilning ikkinchi kvartalida mobil chipsetlar yetkazib berish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26 foizga qisqargan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, yetakchi chipsoz bo‘lmish Qualcomm hamda asosiy raqobatchilardan biri – tayvanlik MediaTek kompaniyasi orasidagi farq qeyingi bir yilda ancha qisqargan. To‘g‘ri, bozor yetakchisi haliyam amerikalik chipsoz bo‘lib qolyapti, lekin uning hissasi bir yilda 33 foizdan 29 foizgacha qisqargan. MediaTek esa aksincha – o‘z o‘rnini mustahkamlab olgan: bozorda uning ulushi bultur 24 foiz bo‘lgan, bu yil esa mazkur ko‘rsatkich 26 foizga yetgan. Natijada ushbu ikki ikki chipsoz orasidagi farq 9 foizdan 3 foizgacha kamaygan.
Huawei kompaniyasiga qarashli HiSilicon ko‘rsatkichi ham yaxshi – 2020 yilning ikkinchi kvartalida yetkazib berilgan barcha mobil protsessorlarning 16 foizi unga tegishli. Apple bu bozordagi ulushini 11 foizdan 13 foizgacha ko‘tarib olgan bo‘lsa, Samsung hissasi aksincha – 16 foizdan 13 foizgacha pasaygan. So‘nggi o‘rinni 4 foizlik ulush bilan Xitoy – kompaniyasi Unisoc egallagan.
Tahlilchilarning fikricha, AQSh tomonidan qo‘llanilgan sanksiyalar tufayli Huawei mobil protsessorlar ishlab chiqara olmasligi endi boshqa chipsozlarga qo‘l keladi. Keyingi paytlarda 5G-protsessorlarga talab oshib borayotganini hisobga olsak, bundan buyog‘iga Qualcomm, MediaTek hamda Unisoc kompaniyalarining omadi chopadi.