Samsung ikkita hamyonbop smartfonini Android 10’ga ertaroq yangilay boshladi
Janubiy koreyalik texnogigant o‘zining Galaxy A turkumidagi – o‘rta narxli smartfonlarini Android 10 bazasidagi OneUI 2.0 proshivkasiga aprelda yangilashga va’da bergandi. Sammobile nashriga ko‘ra, ushbu seriyaning ikkita vakiliga allaqachon bu proshivkalar kela boshlagan.
Manbaga ko‘ra, Samsung Galaxy A30 hamda Galaxy A50s modellari allaqachon o‘ninchi avlod Android operatsion tizimiga asoslangan OneUI 2.0 interfeysiga yangilanmoqda. Biroq hozircha bulardan birinchisi uchun apdeytlar faqat Hindistondagi, ikkinchisi uchun esa Vetnamdagi foydalanuvchilarga tarqatilmoqda.
OneUI 2.0 proshivkasi bilan birga ushbu modellarga fevral oyidagi Android xavfsizlik patchlari ham kelmoqda. Boshqa hududlardagi Galaxy A30 va Galaxy A50s smartfonlari uchun ham Samsung yaqin orada yangi proshivkani uzata boshlasa kerak.