Snapdragon 888 chipli va 144Hz AMOLED-ekranli AnTuTu «qiroli» bor-yo‘g‘i 470 dollarga baholandi!

  •   DiMaX
  •  1475
  •  28.05.2021 10:15

Snapdragon 888 chipli va 144Hz AMOLED-ekranli AnTuTu «qiroli» bor-yo‘g‘i 470 dollarga baholandi!

ZTE korporatsiyasiga qarashli Nubia kompaniyasining Red Magic brendi ostidagi yangi smartfoni AnTuTu benchmarkida rekord natija ko‘rsatgan edi. Red Magic 6R nomli ushbu geymerofon yana Redmi K40 Gaming Enhanced Edition modelining ikkita rekordini ham bir pul qilgan.

O‘QING: Eng qudratli Android-flagmanlar (AnTuTu V9 reytingi, 2021 yil aprel)

Joriy yil martning boshida bu brend bir nechta jihatdan rekordchi Red Magic 6 hamda Red Magic 6 Pro geymerofonlari chiqargan edi. Nubia Red Magic 6R modeli esa oltinchi avlod «Qirmizi jodu» turkumining eng «kichkina» vakili sifatida taqdim etildi.

Nubia Red Magic 6R telefonining diagonaliga 6.67 dyuymlik AMOLED-ekrani FHD+ formatida tasvir uzatishga qodir. ZTE uni adaptiv (moslashuvchan) – 30 dan 144 gersgacha chastotada yangilana olish imkoniyati bilan boyitgan.

Displeyning maksimal yorqinligi 770 nit, tomonlari o‘zaro 20:9 nisbatda. Ekran yuqori qismining o‘rtasida 16 megapiksellik selfi sensori uchun tirqish o‘yilgan.

O‘QING: Android-smartfonning old kamerasiga virtual fotochaqnoq qo‘shamiz

Garchi turkumning eng arzon vakili bo‘lsa-da, bu smartfon ham Qualcomm kompaniyasining eng qudratli protsessorlaridan biri – Snapdragon 888 bazasida tayyorlangan. Qizib ketishining oldini olish uchun unda grafen naychali issiqlik haydash tizimi qo‘llangan. Qurilmani LPDDR5 turiga mansub tezkor xotirasi 6/8/12 gigabaytlik, UFS 3.1 toifali doimiy xotirasi esa 128/256 gigabaytlik variantlarda chiqarishadi.

Geymerlar uchun bu smartfonning yon qirralarida maxsus «tepki»lar – tugmachalar bor. Nubia Red Magic 6R eng so‘nggi – Android 11 operatsion tizimi bazasidagi Redmagic OS 4.0 grafik qobig‘i bilan taqdim etilgan.

O‘QING: Yangi rekord: flagman atigi 12 daqiqada to‘liq quvvatlanib ulgurdi! («jonli» video)

Red Magic 6R ekranosti barmoq izi skaneri, stereodinamiklari hamda 64 + 8 + 2 + 2 megapiksellik kvadrokamerasi bilan ham maqtana oladi. Smartfonning batareyasi 4200 mA/soatlik bo‘lib, Xitoyda 55 vattlik, global bozorda esa 33 vattlik tezkor quvvatlanuvchi versiyalarda sotiladi.

Nubia Red Magic 6R o‘z vatanida 1 iyundan sotuvga chiqadi va narxlari quyidagicha:

  • Nubia Red Magic 6R 6/128 GB – $470
  • Nubia Red Magic 6R 8/128 GB – $517
  • Nubia Red Magic 6R 12/128 GB – $564
  • Nubia Red Magic 6R 12/256 – $611

Shuningdek, uning Victorious Fighting Buddha Edition Red Magic 6R nomli maxsus versiyasi ham bo‘lib, 12/256 GB xotiraga ega va 626 dollarga baholangan.

Nubia Red Magic 6R geymerofoni global bozorga keyinroq chiqadi, ammo narxlari bundan yuqoriroq bo‘lishi turgan gap.

O‘QING: Xitoyliklarning bu smartfoni AnTuTu reytingini «portlatdi»!