Vivo X60 hamda X60 Pro namoyish qilindi: Exynos 1080 protsessorli ilk smartfonlar!
O‘tgan oyda Samsung kompaniyasi Exynos 1080 rusumli mobil chipsetini taqdim qilgan edi. Xitoylik kompaniya kecha – 29 dekabr kuni uning bazasidagi birinchi qurilmalar – Vivo X60 va X60 Pro kamerofonlarini taqdim etdi.
O‘QING: Turli hududlarda eng ommabop smartfon brendlari qaysilar?
Vivo X60 hamda X60 Pro modellarining o‘zaro farqlari kam, shulardan biri – standart flagmanda tep-tekis, pro-versiyada esa chetlari qayrilma ekran qo‘llangan. Ularning har ikkalasida displeyning o‘lchami diagonaliga 6,56 dyuymlik ekran, tasvir aniqligi esa Full HD+ formatida (2376x1080 piksellik). Smartfonlar ekrani HDR10+ texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi; unda kadr yangilanish chastotasi 120 gerslik bo‘lsa, sensor qatlamining diskretizatsiyasi 240 gersga teng. Displeyning yuqori qismi o‘rtasida 32 megapiksellik old kamera tirqishi ochilgan.
Yangi kamerofonlarda, yap-yangi Samsung Exynos 1080 protsessoridan tashqari, 8 yoki 12 GBlik tezkor hamda 128 yoxud 256 GBlik doimiy (UFS 3.1 standartli) xotira chiplari ishlatilgan.
![](https://static.terabayt.uz/post/5fec32265674b.jpg)
Standart flagman – Vivo X60 modelining bosh kamerasi uch modulli: asosiy datchik siftida 48 megapiksellik Sony IMX598 qo‘llangan. Ikkinchi – 13 megapiksellik sensor esa keng burchakli (120 darajali) optika bilan birlashgan. Kamera jamlanmasidagi uchinchi modul esa 13 megapiksellik portret kamerasidir.
Vivo X60 Pro bosh kamerasida esa to‘rtta sensor qo‘llangan; ulardan dastlabki uchtasi xuddi sherigidagi kabi, faqat asosiy datchikning diafragmasi kichkinaroq. To‘rtinchi modul sifatida bo‘lsa 8 megapiksellik kamera qo‘llangan; u 5 karralik optik zum bilan boyitilgan.
![](https://static.terabayt.uz/post/5fec3248452dd.jpg)
Bundan oldingi Vivo X50 seriyasi vakillaridagi kabi, kameraning o‘ziga to‘rtta o‘qli stabilizator (Big Eye tizimi) joriy etilgan. Bundan tashqari, Vivo X60 turkumi kompaniyaning Zeiss optikali birinchi kamerofonlaridir.
O‘QING: Eng zo‘r protsessorli eng arzon 5G-flagman mutlaq rekord o‘rnatdi!
Vivo X60 hamda Vivo X60 Pro smartfonlarining yana bir qiziq jihati shundaki, ular Apple dizayneri yaratgan grafik qobiq – Origin OS bilan chiqarilgan.
Darvoqe, ikkita yangi modelning orasidagi yana bir farq akkumulyatorning tok sig‘imiga tegishli: Vivo X60 smartfoniga 4200 mA/soatlik, X60 Pro versiyasiga esa 4300 mA/soatlik batareya o‘rnatilgan. Lekin har ikkalasiga bir xilda – 33 vattlik tezkor quvvatlash texnologiyasi tatbiq etilgan.
Eng asosiysi – narxlari masalasiga keladigan bo‘lsak, standart kamerofon tezkor/ichki xotira konfiguratsiyasiga ko‘ra uch xil variantda sotiladi:
8/128 GBlik Vivo X60 modeli – $535
8/256 GBlik Vivo X60 modeli – $581
12/256 GBlik Vivo X60 modeli – $612
Vivo X60 Pro modeli bo‘lsa faqat bir xildagi – 12/256 GBlik xotira bilan, 689 dollardan taklif etiladi. Kompaniya bu flagmanlarini 2021 yil yanvardan sotuvga chiqaradi.