Huawei eng innovatsion smartfonini ertagayoq, tag‘in yarim narxida sotuvga chiqaryapti!

  •   DiMaX
  •  2388
  •  22.10.2019 17:19

Huawei eng innovatsion smartfonini ertagayoq, tag‘in yarim narxida sotuvga chiqaryapti!

Keyingi paytlarda xitoylik texnogigantning jahon bozorida ishi yurishmayapti – Huawei Mate 30 flagmani Google servislaridan mahrum bo‘lgani uchun uncha kerak bo‘lmay qoldi. Mart oyidayoq namoyish etilgan buklamafoni – Mate X esa haliyam bozorga chiqarilmadi.

O‘QING: VIDEO: Huawei Mate X jamlanmasida qanday yoqimli syurprizlar bor?

Ushbu inqilobiy gadjetning asosiy raqibi – Galaxy Fold buklamafoni konstruksiyasidagi muammo tufayli Samsung uzr so‘rashga majbur bo‘lgandi. Keyin ularning sotuvga qo‘yilganlarini qaytarib olgan, so‘ngroq qayta savdoga chiqarishi aytilgan bo‘lsa-da, sotuvchilar buyurtmalarni bekor qilishgan. Va nihoyat, sentyabrga kelibgina Samsung yana Galaxy Fold uchun buyurtma ola boshladi, hatto aholisi kambag‘al mamlakatda ham uning ilk partiyasi bir kundayoq sotilib ketdi.

Mate X borasida esa bunday mashmashalar umuman bo‘lgani yo‘q, shunga qaramasdan, Huawei negadir uni ommaviy sotishga shoshilmayapti. HuaweiCentral nashri esa o‘z manbalariga tayangan holda buning sababini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, kompaniya mazkur gadjetining narxini pasaytirishga qaror qilgan. Axir, Galaxy Fold’dan arzon bo‘lmasa, buklamafoni bozorda raqobatga dosh bera olmasligi tayin-da!

O‘QING: Terashop.uz’da Samsung smartfonlari narxlari (2019 yil 19 oktyabr)

Shu sababli, Huawei uning tannarxini ham pasaytirishga majbur bo‘lyapti – bu esa butlovchi qismlarni nisbatan arzonroqlariga almashtirish evaziga qilinadi. Undagi o‘zgarishlarning to‘liq ro‘yxati noma’lum, ammo u oldingi avlod – Kirin 980 protsessoriga o‘tkaziladi. Bu – 7 nanometrlik tex-jarayonga asoslangan, beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi chipsetdir. Shuningdek, Huawei Mate X tezkor/ichki xotirasi ham namoyish vaqtidagi kabi 12/512 emas, balki 8/128 gigabaytgacha qisqartirilishi mumkin. Natijada, buklamafonni taqdimotda aytilganidek 2563 dollar emas, balki 1414 dollardan sotish mumkin bo‘ladi.

«Qisqartirilgan» va arzonlashtirilgan Huawei Mate X bilan birga, uning to‘laqonli – eng yangi Kirin 990 protsessorli va to‘liq xotirali versiyasi ham chiqadi. Xitoylik texnogigant uni ham baribir dastlab aytganidek 2563 emas, balki arzonroq – 1979 dollardan sotuvga chiqaradi.

O‘QING: Huawei Mate X’ni allaqachon Aliexpress’dan sotib olish mumkin, faqat narxi qo‘rqqulik!

Mish-mishlarga ko‘ra, Huawei Mate X ertaga – 23 oktyabrdayoq bozorga taqdim etilyapti. Uni dastlab Xitoyning materik qismida va Gonkongda sota boshlashadi. Agarda savdosi yaxshi ketsa va devaysning o‘zida ommaviy muammolar kuzatilmasa – keyin boshqa hududlarda ham savdoga chiqarishi mumkin.

Huawei shu paytgacha global bozorga chiqargan aksariyat smartfonlarni esa 899 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlar evaziga Terashop.uz internet-do‘konimizdan sotib olish mumkin.

O‘QING: 1 noyabrgacha smartfon olishga ulguring, keyin IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish pulli bo‘lib, narxlar ham oshadi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!